Jarqo‘rg‘on tumanida Qurbon hayiti arafasida mehr-saxovat tadbirlari davom etmoqda
2026-05-26 08:00:00 / Yangiliklar

Jarqo‘rg‘on tumanida Qurbon hayiti arafasida mehr-saxovat tadbirlari davom etmoqda
Prezidentimizning muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarga mehr-saxovat ko‘rsatish hamda bayram tadbirlarini munosib tashkil etishga qaratilgan qarori ijrosi doirasida Jarqo‘rg‘on tumanida ham ezgu va savobli ishlar keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.
Xususan, muborak Qurbon hayiti arafasida tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan hamda yolg‘iz yashovchi oilalar holidan xabar olinib, ularga amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Ehtiyojmand xonadonlarga oziq-ovqat mahsulotlari va bayram dasturxoniga zarur bo‘lgan mahsulotlar yetkazib berilib, ularning ko‘ngli olindi.
Mazkur xayriya tadbirlari Jarqo‘rg‘on tumani hokimi Ilhom Saparov boshchiligida tashkil etilib, sektor rahbarlari, mahalla faollari va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida ehtiyojmand oilalar xonadonlariga borildi. Tuman hokimi va mas’ullar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari bevosita fuqarolarga topshirilib, ularning holidan xabar olindi.
Tashriflar davomida nuroniylar, yolg‘iz keksalar va imkoniyati cheklangan fuqarolar bilan samimiy suhbatlar o‘tkazilib, ularga bayram tabriklari yetkazildi. Fuqarolar tomonidan bugungi tinch va osuda hayot, aholiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirildi.
Bugungi kunda yurtimizda inson qadri ulug‘lanib, mehr-oqibat va saxovat tamoyillari jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Ayniqsa, muborak ayyomlar arafasida ehtiyojmand insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning holidan xabar olish xalqimizga xos yuksak insonparvarlik va bag‘rikenglik fazilatlarining yorqin ifodasidir.
Qurbon hayiti yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizga fayzu baraka, el-yurtimizga mehr-oqibat va hamjihatlik olib kelsin!
JARQO‘RG‘ON TUMANI HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI
