Juma qabuli — aholi dardi tinglanib, amaliy yechimlar topilmoqda
2026-04-24 15:40:00 / Yangiliklar

Juma qabuli — aholi dardi tinglanib, amaliy yechimlar topilmoqda
Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi tomonidan haftaning har juma kuni aholi murojaatlarini tinglash, ularni qiynayotgan muammolarga tezkor va samarali yechim topish maqsadida rahbarlarning shaxsiy qabullari izchil tashkil etib kelinmoqda. Ushbu tizim aholi bilan ochiq muloqotni mustahkamlash, ularning ishonchini oshirish hamda joylardagi dolzarb masalalarni aniqlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugun o‘tkazilgan navbatdagi qabul jarayonida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rustam Xamrayev boshchiligida fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot tashkil etildi. Qabulda tumandagi mutasaddi tashkilot va idora rahbarlari ham ishtirok etib, murojaatlar bevosita joyida ko‘rib chiqildi.
Fuqarolar tomonidan asosan bandlikni ta’minlash, ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam olish, uy-joy bilan bog‘liq masalalar, yer ajratish, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, yo‘l infratuzilmasi hamda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yuzasidan murojaatlar bildirildi. Har bir murojaat individual tarzda o‘rganilib, qonuniy asosda hal etish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Qabul davomida ayrim muammolar joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar qat’iy nazoratga olinib, ularning ijrosi yuzasidan mas’ullarga muddatlar belgilandi. Har bir murojaatning natijasi yuzasidan fuqarolarga qonunchilik doirasida tushuntirishlar berildi.
Bunday ochiq va samimiy muloqotlar aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ularni ortga surmasdan hal etish, eng muhimi fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Jarqo‘rg‘on tumanida bu kabi qabullar muntazam davom ettirilib, har bir murojaat e’tibordan chetda qolmasligi ta’minlanadi.









