So‘z — ochiq tanlov g‘olibiga
2026-04-01 09:45:00 / Yangiliklar

DAVLAT XIZMATCHILIGI SARI ILK QADAM
Bugun hayotimda unutilmas va mas’uliyatli bir bosqich boshlandi — davlat xizmatchisi bo‘lish yo‘lida ilk qadamni qo‘ydim. Ochiq tanlovda ishtirok etib, Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi Axborot-tahlil guruhi yetakchi mutaxassisi lavozimiga ishga qabul qilindim. Bu men uchun nafaqat katta sharaf, balki yuksak ishonch va ulkan mas’uliyatdir.
Bu yo‘l menga xalq bilan yanada yaqin bo‘lish, ularning dardini eshitish va muammolariga yechim topishda bevosita hissa qo‘shish imkonini beradi. Shu bois zimmamga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarish, halollik va fidoyilik bilan xizmat qilishni o‘z oldimga qat’iy maqsad qilib qo‘ydim.
Oldinda katta vazifalar turibdi. Har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini chuqur his etgan holda, mas’uliyat bilan ishlash, jamoa bilan hamjihatlikda natijaga erishish va doimo o‘z ustimda ishlab borish mening ustuvor yo‘nalishim bo‘ladi.
Ishonamanki, astoydil mehnat, sabr va izlanish orqali bildirilgan ishonchni oqlab, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida munosib xizmat qilaman.
