“Oʻzbekiston–2030” strategiyasi: qonun ustuvorligi va xalq xizmatidagi davlat boshqaruvi — ustuvor vazifa
2026-03-30 09:05:00 / Yangiliklar

“Oʻzbekiston–2030” strategiyasi: qonun ustuvorligi va xalq xizmatidagi davlat boshqaruvi — ustuvor vazifa
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar izchil va tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Bu jarayonda “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur strategiyaning IV-yo‘nalishi — qonun ustuvorligini ta’minlash hamda xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish — jamiyat taraqqiyotining asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi.
Ushbu yo‘nalish doirasida belgilangan 84, 85, 86 va 88-maqsadlar sud-huquq tizimini tubdan takomillashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlari faoliyatini xalq manfaatlariga xizmat qildirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.
Qonun ustuvorligi — adolat mezoni (84-maqsad)
Mazkur maqsad jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash orqali adolatli muhitni shakllantirishni nazarda tutadi. Xususan:
- sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash;
- inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish;
- sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash kabi vazifalar belgilangan.
Bu esa fuqarolarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish (85-maqsad)
Sud tizimini zamonaviy talablarga mos ravishda rivojlantirish ushbu maqsadning asosini tashkil etadi. Jumladan:
- sud jarayonlarini raqamlashtirish;
- elektron sud tizimini keng joriy etish;
- ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash orqali odil sudlov sifatini oshirish ko‘zda tutilgan.
Natijada fuqarolar uchun sudlarga murojaat qilish yanada qulay va tezkor bo‘ladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish (86-maqsad)
Ushbu maqsad doirasida jinoyatchilikka qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini joriy etish muhim o‘rin tutadi. Bunda:
- huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish;
- profilaktika tizimini kuchaytirish;
- fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish asosiy yo‘nalishlar hisoblanadi.
Bu esa jamiyatda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Xalq xizmatidagi davlat boshqaruvi (88-maqsad)
Davlat boshqaruvini inson manfaatlariga xizmat qildirish strategiyaning eng muhim vazifalaridan biridir. Ushbu maqsad doirasida:
- davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati va tezkorligini oshirish;
- ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish;
- aholiga qulay va shaffof xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish ko‘zda tutilgan.
Natijada davlat organlari faoliyati "inson qadri uchun" tamoyili asosida tashkil etiladi
Xulosa
“Oʻzbekiston–2030” strategiyasida belgilangan vazifalar mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat barpo etish, qonun ustuvorligini ta'minlash hamda xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi samarali boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan.
Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudi raisi
T. Bekpulatov
