Sud tizimidagi islohotlar – korrupsiyaga qarshi kurashning mustahkam poydevori
2026-02-19 18:10:00 / Korrupsiyaga qarshi kurashish

Sud tizimidagi islohotlar – korrupsiyaga qarshi kurashning mustahkam poydevori
Keyingi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, odil sudlovning chinakam mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlarning barchasi, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Korrupsiya har qanday davlat va jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘sqinlik qiluvchi, adolat mezonlariga putur yetkazuvchi salbiy illatdir. Ayniqsa, sud tizimida korrupsiyaviy holatlarning yuzaga kelishi fuqarolarning adolatga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Shu bois sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, inson omilini kamaytirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali korrupsiyaning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda sud majlislarining audio va video qayd etilishi, ishlarni avtomatik ravishda taqsimlash tizimi, sud hujjatlarini elektron shaklda tayyorlash va e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani sud faoliyatining shaffofligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu tizimlar har qanday noqonuniy aralashuvlarning oldini olib, sudyalarning mustaqil va xolis qaror qabul qilishiga imkon yaratmoqda.
Sudyalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning munosib mehnat sharoitlarini yaratish, malakasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar ham korrupsiyaning oldini olishga xizmat qilmoqda. Zero, halollik, adolat va qonun ustuvorligi – sud tizimi faoliyatining bosh mezoni hisoblanadi.
Shuningdek, sudlar tomonidan chiqarilayotgan xususiy ajrimlar orqali davlat organlari va tashkilotlar faoliyatida aniqlangan qonunbuzilishlar hamda korrupsiyaga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar ko‘rilayotgani bu boradagi profilaktik ishlarning muhim yo‘nalishidir.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, sud tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat korrupsiyaning oldini olishga, balki jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudi raisi T.Bekpulatov
