Giyohvandlikning oldini olish – sog‘lom jamiyat va barqaror kelajak garovi
2026-01-29 09:20:00 / Yangiliklar

Giyohvandlikning oldini olish – sog‘lom jamiyat va barqaror kelajak garovi
Bugungi kunda giyohvandlik insoniyat salomatligi va jamiyat taraqqiyotiga jiddiy tahdid solayotgan eng xavfli illatlardan biri hisoblanadi. Ushbu muammo nafaqat alohida shaxsning hayotini izdan chiqaradi, balki oilalar parokandaligiga, jinoyatchilikning oshishiga va jamiyatda ijtimoiy muhitning buzilishiga olib keladi.
Shu bois giyohvandlikning oldini olish va unga qarshi kurashish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, bu borada barcha mas’ul idoralar o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib bormoqda. Xususan, Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudi tashabbusi bilan tuman 20-sonli madaniyat markazida tuman prokuraturasi hamda Ichki ishlar bo‘limi bilan hamkorlikda giyohvandlikning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarning huquqiy oqibatlari, ushbu illatning yoshlar kelajagiga yetkazadigan zararli ta’siri hamda amaldagi qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari atroflicha tushuntirib berildi. Sud raisi sifatida o‘z chiqishimda giyohvandlik jinoyatlarining ko‘payishi jamiyat barqarorligiga bevosita xavf tug‘dirishini, bunday jinoyatlarga nisbatan sudlar tomonidan qat’iy va adolatli qarorlar qabul qilinayotganini ta’kidlab o‘tdim.
Tadbir davomida prokuratura va IIB vakillari ham so‘zga chiqib, giyohvandlikka qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning roli, tezkor-qidiruv tadbirlari va profilaktik ishlarning ahamiyati haqida ma’lumot berdilar. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish muhimligi alohida qayd etildi.
Xulosa qilib aytganda, giyohvandlikning oldini olish faqat jazolash bilan emas, balki keng qamrovli profilaktika, targ‘ibot va hamkorlik orqali amalga oshiriladi. Bu borada sud, prokuratura, ichki ishlar organlari va jamoatchilikning birgalikdagi sa’y-harakatlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Muallif: Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudi raisi T.Bekpulatov
