Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash – qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim sharti
2026-01-30 10:15:00 / Yangiliklar

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash – qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim sharti
Uyushgan jinoyatchilik zamonaviy jamiyat uchun eng xavfli jinoyat ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, u davlat va jamiyat xavfsizligiga, fuqarolarning huquq va erkinliklariga jiddiy tahdid soladi. Bunday jinoyatlar ko‘pincha oldindan rejalashtirilgan bo‘lib, giyohvandlik, korrupsiya, iqtisodiy jinoyatlar va boshqa og‘ir jinoyatlar bilan uzviy bog‘liq holda sodir etiladi.
Mazkur xavfli illatga qarshi kurashish maqsadida Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan tuman 20-sonli madaniyat markazida, tuman prokuraturasi va Ichki ishlar bo‘limi bilan hamkorlikda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash mavzusida navbatdagi targ‘ibot va tushuntirish tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida tergov sudyasi sifatida o‘z ma’ruzamda uyushgan jinoyatchilikka oid ishlar bo‘yicha tergov jarayonida sud nazoratining ahamiyati, protsessual majburlov choralarini qo‘llashda qonuniylikni ta’minlash hamda shaxs huquq va erkinliklarini himoya qilish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdim. Sud nazorati jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda adolat va shaffoflikni ta’minlovchi muhim mexanizm ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, prokuratura va IIB xodimlari tomonidan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda olib borilayotgan amaliy ishlar, aniqlangan jinoyatlar va ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Tadbir ishtirokchilariga bunday jinoyatlarga qo‘shilishning og‘ir huquqiy oqibatlari misollar asosida tushuntirildi.
Targ‘ibot tadbiri jarayonida yoshlar va keng jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning savollariga batafsil javoblar berildi. Bu esa aholining huquqiy ongi va mas’uliyatini oshirishga xizmat qildi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, uyushgan jinoyatchilikka qarshi samarali kurash sud-huquq tizimi, prokuratura va ichki ishlar organlarining uzviy hamkorligi, shuningdek jamoatchilikning faol ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Qonun ustuvorligini ta’minlash va jamiyat xavfsizligini mustahkamlash yo‘lida bu kabi tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tergov sudyasi B.Cho‘liyev

