Biz korrupsiyaga qarshimiz!
2026-01-09 10:00:00 / Korrupsiyaga qarshi kurashish

Biz korrupsiyaga qarshimiz!
Bugun Jarqo‘rg‘on tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limida jamiyatimiz taraqqiyoti va kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan dolzarb mavzuga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. “Korrupsiyaga qarshimiz” shiori ostida tashkil etilgan ushbu tadbirda mahalla xotin-qizlar faollari ishtirok etib, korrupsiyaning salbiy oqibatlari, uning jamiyat rivojiga to‘sqinlik qilishi hamda unga qarshi kurashishda har bir fuqaroning, xususan ayollarning o‘rni va mas’uliyati haqida atroflicha fikr almashildi.
Tadbir davomida halollik, shaffoflik, adolat va qonun ustuvorligi kabi muhim qadriyatlar keng targ‘ib qilindi. Ishtirokchilar korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, oilada va mahallada halollik muhitini mustahkamlash, yoshlar ongida halol mehnat, pok vijdon va mas’uliyat tuyg‘ularini qaror toptirish zarurligini alohida ta’kidladilar.
Alohida e’tirof etildiki, Jarqo‘rg‘on tumani bugungi kunda korrupsiyadan holi hududga aylanish yo‘lida aniq va samarali ishlarni amalga oshirib, halollik va ochiqlik tamoyillariga asoslangan tizimni shakllantirib bormoqda. Bu borada mahalla xotin-qizlar faollarining o‘rni muhim bo‘lib, ular jamiyatda sog‘lom muhitni yaratishda, fuqarolar ongida korrupsiyaga nisbatan murosasiz pozitsiyani shakllantirishda faol ishtirok etib kelmoqda.
Korrupsiya — jamiyatni ichidan yemiradigan xavfli illat.
Unga qarshi kurash faqatgina qonunlar bilan emas, balki har birimizning halol hayot tarzimiz, to‘g‘ri qarorlarimiz, vijdonli mehnatimiz va mas’uliyatli fuqarolik pozitsiyamiz orqali amalga oshadi.
Biz birgalikda toza, adolatli va halol jamiyat barpo etish tarafdorimiz!
Halollik — bu tanlov emas, balki hayot mezoni, barqaror taraqqiyot va kelajagimiz poydevoridir.





