G‘ALLANGIZGA QO‘SHIMChA O‘G‘IT BERING HAMDA AGROTEXNIK TADBIRLARNI O‘Z VAQTIDA QO‘LLAB, G‘ALLADAN MO‘L HOSIL OLISHGA ERISHING!
2026-01-13 17:10:00 / Yangiliklar

G‘ALLANGIZGA QO‘SHIMChA O‘G‘IT BERING HAMDA AGROTEXNIK TADBIRLARNI O‘Z VAQTIDA QO‘LLAB, G‘ALLADAN MO‘L HOSIL OLISHGA ERISHING!
Jarqo‘rg‘on tuman fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga
MUROJAATI
Qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar!
Qishloq xo‘jaligida global iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish orqali xalqimizni sifatli oziq-ovqatga ehtiyojini ta’minlash ustuvor vazifamizdir.
Davlatimiz rahbari 2025 yil 26 dekabrdagi murojaatnomada qishloq xo‘jaligida hosildorlikni yangi texnologiyalar asosida oshirish va sohani qo‘llab-quvvatlash borasida muhim vazifalarni belgilab berdilar.
Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan agrar sohada mehnat qilayotgan dehqon va fermerlarning iqtisodiyotimizni yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ulkan xizmatlarini e’tirof etdilar. Bu, albatta fermer, dehqonlarimizni yuksak marralar va yuqori natijalar sari ruhlantiradi, o‘z vazifasiga katta mas’uliyat bilan yondoshishga undaydi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan ko‘plab Farmon va qarorlar Siz, dehqon va fermerlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi ulkan yutuqlaringizga mustahkam zamin yaratmoqda.
Aynan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 9 dekabrdagi “Paxtachilik va g‘allachilikda hosildorlikni oshirish uchun yuqori samarador intensiv agrotexnologiyalarni qo‘llashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-370-sonli qarori bilan fermerlarga katta imtiyoz va vakolatlar berildi. Jumladan, zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish, ilm-fan yutuqlari va ustoz-shogird an’analariga asoslangan yangi tizimni joriy etish orqali hosildorlikni oshirish, hosildorlikni g‘allachilikda 100 sentnergacha yetkazish borasida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi.
G‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2026 yil hosilidan boshlab g‘allani o‘z mablag‘lari yoki tijorat kreditlari hisobidan yetishtirib, uni belgilangan tartibda birja savdolari yoki davlat resursi uchun realizatsiya qilgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga mahsulot qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi.
Bu imtiyozli kreditni olmasdan g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari uchun katta imkoniyat, degani.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish borasida katta imtiyozlar berilgani ham fermerlarimizni suvdan tejamkorlik bilan foydalanishga va g‘alladan yuqori hosil olishiga rag‘batlantiradi.
Yangi O‘zbekistonimizning bu yilgi ulkan g‘alla xirmonini omilkor dehqonlar, fermerlar, suvchilar, agronom va mexanizatorlar hamda sohaning fidoiy olimlari, tajribali mutaxassislarning zahmatli mehnatlari evaziga yaratilishini hammamiz his qilib turibmiz.
Mamlakatimizda fermer xo‘jaliklariga g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘laridan erkin foydalanish hamda xizmat ko‘rsatuvchi va resurs yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlash huquqining berilishi, shuningdek, donni xarid qilish hamda sotishda birja mexanizmining joriy etilganligi Siz fermerlarga katta manfaatdorlikni ta’minlamoqda.
Dehqonlar ta’biri bilan aytganda, “Yil yilga o‘xshamaydi”, bugungi kunda g‘alla maydonlarini parvarishlashda o‘zgacha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishni davr shiddati taqoza etmoqda.
Shu kunlarda tumanimizda 170 dan ortiq fermerlar va klasterlarning 8257 gektar g‘alla maydonlarida ekinlar rivoji pastligi, ya’ni tuplagan, lekin 3-4 barg, 1-2 barg fazasida rivojlanayotgan, hatto, unib chiqmagan maydonlar mavjudligi aniqlangan.
Tuman fermerlari kengashi tomonidan g‘allani oziqlantirish va rivojini ta’minlash borasida zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda sust ish olib borayotgan 4 ta fermer xo‘jaliklari faoliyati muhokama qilinib, yo‘l qo‘ygan qoloqlikni qisqa muddatlarda bartaraf etilishi yuzasidan ogoh etilib, amaliy tavsiyalar berildi.
Aziz mirishkor dehqon va fermerlar!
Yuqoridagi kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish uchun O‘zbekiston fermerlari kengashi rayosati a’zolari, tegishli soha olim va mutaxassislari tomonidan g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga va klasterlarga 2026 yilda har bir gektar g‘alladan 100 sentnergacha hosil olish uchun quyidagi ishlarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz:
birinchidan, har bir fermer xo‘jaligi tomonidan g‘alla maydonlarini yana bir bor ko‘rib, rivojidan orqada qolayotgan maydonlarni aniqlab oling;
ikkinchidan, qisqa muddatda barcha maydonlarga yetarli azotli o‘g‘itlar zaxirasini yarating va kechki hamda qoloq g‘alla maydonlarini yaxshilash maqsadida gektariga qo‘shimcha 100-150 kg azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirishni tashkil etib, g‘alladan barakali hosil olishga erishing;
Uchinchidan, sug‘orilmagan g‘alla maydonlarida o‘q ariqlar oralig‘ini 60-70 metrdan olish va qisqa muddatda yengil sug‘orishni tashkil eting;
to‘rtinchidan, ekilgan g‘alla maydonlarida kunduzi va kechki paytlarda ham dalalarda chorva mollarini boqish holatlari ko‘paymoqda, shuning uchun maysani payhondan himoyalash maqsadida dala chetlarini chetan bilan o‘rashni tashkil eting;
beshinchidan, yanvar oyida mavsum davomida talab etiladigan mineral o‘g‘itlar, biostimulyatorlar va kimyoviy vositalar zaxirasini shakllantirish, texnikalarni ta’mirlash ishlarini amalga oshirib, ob-havo sharoitidan kelib chiqib, suspenziya sepishni tashkil eting;
oltinchidan, g‘alla maydonida yomg‘irlatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yib, davlat tomonidan beriladigan subsidiya mablag‘ini oling hamda hosildorlikni har gektariga 10-12 sentnerga oshiring va suvni 35-45 foizga tejang;
yettinchidan, dalangizning suv kirish qulog‘iga handak o‘ra qazib, gektariga 3 tonnadan mahalliy o‘g‘it jamg‘arishni tashkil eting;
sakkizinchidan, kechki va unib chiqmagan g‘alla maydonlariga quruq, chirigan mahalliy o‘g‘it sepishni tashkil eting, bunda, gektariga 5 tonnadan mahalliy o‘g‘it qo‘llanilganda kuzgi bug‘doy hosildorligi 6-10 sentnerga oshishi va mahalliy, mineral o‘g‘itlar bilan birgalikda qo‘llanilganda samaradorlik yanada yuqori bo‘lishini aslo unutmang;
to‘qqizinchidan, 10 kun muddatda g‘o‘za qator orasiga ekilgan maydonlarni g‘o‘zapoyadan kesish agregatlari yordamida tozalang, bunda g‘o‘zapoyani qo‘lda sug‘urib olishga yo‘l qo‘ymang;
o‘ninchidan, aholi xonadonlari va chorva komplekslaridagi mahalliy o‘g‘itlarni jamg‘arib, dalalarga chiqarishni tashkil eting;
o‘n birinchidan, ob-havoning qulay kunlaridan foydalanib, dala atroflarini, ichki va xo‘jalik ariqlarini tozalang hamda parallel ravishda betonlashtirish ishlarini yakunlang;
o‘n ikkinchidan, har bir fermer xo‘jaligi boshlig‘i g‘allachilik klaster korxonalari bilan hamkorlikda ishlarni yanada jadallashtirib, g‘allaga qo‘shimcha ozuqa berib, yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirib joriy yilda g‘alla hosilini gektariga 100 sentnergacha yetkazib, yuqori daromad olishga erishing.
Aziz fermer va dehqonlar!
Xalqimiz bugun biz dehqon va fermerlarning shijoati, g‘ayrat va matonatiga ko‘z tikib turibdi. Buni bir zum bo‘lsa-da, yoddan ko‘tarmaylik. Dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz noz-ne’matlarga to‘la va arzon, turmushimiz yanada farovon bo‘lishi ayni paytda amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarga bog‘liqligini unutmang.
O‘z daromadingizni oshirish hamda mamlakatimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun barchangizni sidqidildan ishlashga, fidoyilik namunasini ko‘rsatishga chaqiramiz!
Jarqo‘rg‘on tuman fermerlari kengashi Rayosat a’zolari
