Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudining 2025 yil davomida odil sudlovni ta’minlash borasida amalga oshirgan ishlar sarhisobi
2026-01-07 14:05:00 / Yangiliklar

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudining 2025 yil davomida odil sudlovni ta’minlash borasida amalga oshirgan ishlar sarhisobi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini tubdan takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovni samarali ta’minlash, shuningdek sud hokimiyati nufuzini oshirish borasida izchil va tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning o‘rni va mas’uliyati yanada ortib bormoqda.
2025-yilda sud-huquq tizimini yanada rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudi faoliyatida qonun ustuvorligi, adolat, xolislik va ochiqlik tamoyillarini izchil ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Sud ishlarini ko‘rishda fuqarolarning sudga murojaat qilish huquqi kengaytirildi, sud muhokamalarining ochiqligi kuchaytirildi, taraflarning tengligi va tortishuvchanlik prinsiplari qat’iy ta’minlandi.
Mazkur chora-tadbirlar natijasida sud qarorlarining sifati sezilarli darajada oshib, asossiz qarorlar soni qisqardi, aholi va jamoatchilikning sudlarga bo‘lgan ishonchi mustahkamlandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan sud jarayonlarining ochiqligini ta’minlash va sud faoliyati haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida 2025-yilda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.
Xususan, sud majlislarining ochiq tarzda o‘tkazilishi amaliyoti kengaytirildi, muhim va jamoatchilik e’tiboridagi jinoyat ishlari bo‘yicha OAV vakillari uchun zarur sharoitlar yaratildi, sud qarorlari hamda sud amaliyotiga oid ma’lumotlar rasmiy veb-saytlar orqali muntazam yoritib borildi. Elektron va bosma ommaviy axborot vositalarida sudlar faoliyatiga bag‘ishlangan intervyular, reportajlar, teleko‘rsatuvlar, radioeshittirishlar, brifinglar va tahliliy maqolalar tashkil etilib, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qildi.
Odil sudlovni ta’minlashda raqamli texnologiyalarning ahamiyati tobora ortib bormoqda. 2025-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudida sud majlislarida videokonferensaloqa tizimidan foydalanish ko‘lami kengaytirildi, sud hujjatlarini elektron shaklda olish imkoniyatlari yaratildi. Bu esa fuqarolar va tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt va moliyaviy xarajatlarni qisqartirib, sudlarga murojaat qilish jarayonini yanada qulay va ochiq qildi.
Sud tomonidan 2025-yilda fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash, noqonuniy qaror va harakatlarni bartaraf etish borasida samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, noqonuniy qarorlar ustidan berilgan shikoyatlar qonuniy va asosli ko‘rib chiqildi, mansabdor shaxslar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar sud tartibida bartaraf etildi, mulkiy va nomulkiy nizolarni hal etishda adolat va qonuniylik tamoyillari ustuvor bo‘ldi. Bu holatlar sudlarning inson manfaatlariga xizmat qilayotganini yaqqol namoyon etdi.
Shu asosda, jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan 2025 yil davomida jami 114 marotaba targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirildi. Ushbu tadbirlarning 110 tasi o‘quv muassasalarida, 29 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida tashkil etildi. Ommaviy axborot vositalari orqali 54 marotaba chiqishlar amalga oshirilib, shundan 14 marotaba gazeta va jurnallarda, 34 marotaba televideniyeda, 18 marotaba veb-saytlar orqali materiallar e’lon qilindi.
2025 yilning 12 oyi davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan 258 nafar shaxsga nisbatan 214 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlandi. Shundan 185 nafar shaxsga nisbatan 147 ta jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarildi, 70 nafar shaxsga nisbatan 64 ta jinoyat ishi ish yuritishdan tugatildi, 1 nafar shaxsga nisbatan 1 ta jinoyat ishi bo‘yicha tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, 7 nafar shaxsga nisbatan 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha shartli hukm, 15 nafar shaxsga nisbatan 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha jazo tayinlanmasdan hukm chiqarildi.
Ayblov hukmi chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha 49 ta jinoyat ishi doirasida 53 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 52 ta jinoyat ishi bo‘yicha 68 nafar shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi, 32 ta jinoyat ishi bo‘yicha 42 nafar shaxsga nisbatan axloq tuzatish ishlari jazosi, 14 ta jinoyat ishi bo‘yicha 22 nafar shaxsga jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, 50 ta jinoyat ishi bo‘yicha 59 nafar shaxsga nisbatan JKning 57-moddasi, 42 ta jinoyat ishi bo‘yicha 50 nafar shaxsga nisbatan JKning 45-moddasi qo‘llanildi.
Jinoyat ishlarini sudda ko‘rish jarayonida jinoyatlarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan omillar aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan 115 ta xususiy ajrim chiqarildi.
2025 yil davomida tuman sudi tomonidan 4498 nafar shaxsga nisbatan 3420 ta ma’muriy ish ko‘rib tamomlandi. Shundan 2801 nafar shaxsga nisbatan 2273 ta ma’muriy ish bo‘yicha qaror chiqarildi, 1697 nafar shaxsga nisbatan 1147 ta ma’muriy ish tugatildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 315-moddasi va 343-moddalari asosida 2207 nafar shaxsga nisbatan 2207 ta ish materiallari ko‘rib chiqilib, 1775 nafar shaxsga nisbatan 1775 ta ish materiallari qanoatlantirildi, 432 nafar shaxsga nisbatan 432 ta ish materiallari rad etildi.
Xulosa qilib aytganda, 2025-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan odil sudlovni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud tizimining ochiqligi va shaffofligini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ushbu natijalarni ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish sud-huquq islohotlarining mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kelgusida ham jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan qonun ustuvorligini ta’minlash, adolatli va xolis sudlovni amalga oshirish yo‘lidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Jarqo‘rg‘on tuman sudining raisi v.v.b B.Cho‘liyev
