Korrupsiya — adolat dushmani, sudya mas’uliyati va vijdon sinovi
2025-12-23 08:35:00 / Yangiliklar

Korrupsiya — adolat dushmani, sudya mas’uliyati va vijdon sinovi
Korrupsiya jamiyat hayotining barcha jabhalariga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, insonlarning adolatga bo‘lgan ishonchini sindiruvchi xavfli illatdir. Ayniqsa, sud tizimida korrupsiyaning mavjudligi qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga jiddiy putur yetkazadi. Sudya uchun eng muhim mezon — bu vijdon va qonunga sadoqat bo‘lib, ushbu mezonlar korrupsiyaga mutlaqo zid tushunchalardir. Shuning uchun ham har bir sudya o‘z faoliyatida korrupsiyaga qarshi qat’iy va murosasiz pozitsiyada turishi shart.
Sudya qabul qilayotgan har bir qaror nafaqat muayyan ish taqdirini, balki jamiyatning sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini ham belgilaydi. Agar sud qarori noqonuniy manfaatlar asosida qabul qilinsa, bu nafaqat bir shaxsning, balki butun jamiyatning adolatga bo‘lgan umidini puchga chiqaradi. Shu bois sudya har qanday tashqi bosim, manfaatdor shaxslarning noqonuniy takliflari yoki yashirin ta’siriga qat’iyan qarshi turishi lozim. Bu esa yuqori darajadagi kasbiy mahorat bilan birga mustahkam ma’naviy tayanchni ham talab etadi.
So‘nggi yillarda sudyalar faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, sud qarorlarining asoslanganligini kuchaytirish, sud jarayonlarini ochiq va oshkora o‘tkazish bo‘yicha muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Sud majlislarida taraflarning tengligi, dalillarni baholashda xolislik va qonuniylik tamoyillariga qat’iy amal qilinishi korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, sudyalar uchun muntazam ravishda malaka oshirish kurslari, axloqiy-me’yoriy treninglar tashkil etilishi ularning professional va ma’naviy saviyasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashda sudyaning shaxsiy namunasi alohida ahamiyatga ega. Sudya halol bo‘lsa, uning so‘zi va qarori jamiyatda hurmat topadi. Aksincha, sudya faoliyatida shubhali holatlar yuzaga kelsa, bu butun sud tizimiga nisbatan ishonchsizlikni kuchaytiradi. Shu sababli sudya nafaqat xizmat vaqtida, balki kundalik hayotida ham o‘zini munosib tutishi, qonun va axloq normalariga rioya etishi lozim.
Fuqarolar ham korrupsiyaga qarshi kurashda faol bo‘lishi, sud jarayonlarida pora berish yoki norasmiy yo‘llar bilan masalani hal qilish mumkin emasligini anglab yetishi zarur. Agar fuqarolar korrupsion takliflarga rozi bo‘lmasa, bu illat ildiz otishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Sud va jamiyatning hamkorligi korrupsiyaga qarshi kurashda eng muhim omillardan biridir.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash sudya uchun faqatgina xizmat vazifasi emas, balki vijdon sinovidir. Har bir sudya adolatni ustuvor qo‘ygan holda, qonuniylik va halollik yo‘lidan og‘masligi zarur. Ana shundagina sud hokimiyati jamiyatda chinakam adolat timsoliga aylanishi mumkin.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tumani sudi sudyasi B.Cho‘liyev
