Jarqo‘rg‘on tuman hokimligida ijro intizomi bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi
2025-12-22 08:50:00 / Yangiliklar

Jarqo‘rg‘on tuman hokimligida ijro intizomi bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi
Jarqo‘rg‘on tuman hokimligida ijro intizomini yanada mustahkamlash, belgilangan vazifa va topshiriqlarning o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda tuman hokimligi rahbariyati, korxona va tashkilotlar mas’ullari, mahalla tizimi vakillari ishtirok etdi.
Kun tartibidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holati alohida o‘rin oldi. Xususan, ko‘chat ekish, yashil hududlarni kengaytirish, ekilgan daraxtlarning parvarishi va ularning saqlanishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan hisobotlar tinglandi. Ayrim mas’ullar tomonidan yo‘l qo‘yilgan sustkashlik va kamchiliklar tanqid qilinib, ularni qisqa muddatda bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Shuningdek, tuman bo‘yicha soliq tushumlari ijrosi, byudjetga tushumlarni oshirish, qarzdorlikni kamaytirish hamda soliq intizomini mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Bu borada “Holis” elektron ilovasi orqali olib borilayotgan monitoring va hisobotlar tahlil qilinib, raqamli tizimdan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida mas’ul rahbarlarga ijro intizomini kuchaytirish, topshiriqlarni belgilangan muddatlarda bajarish, aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Mazkur yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar doimiy nazoratga olinishi qayd etildi.









