Izboskan tumani prokurori D.Usanovning tuman aholisiga murojaati
2026-05-01 21:50:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, hurmatli Izboskanliklar!
Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va topshiriqlari asosida tumanimiz mahallalarida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan mutlaqo yangi mexanizm joriy etilib, bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘layotgan muammolarni tizimli hal etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida samarali tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Har bir mas’ul idora va muassasa tomonidan kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda joyiga chiqqan holda maqsadli o‘rganishlar o‘tkazilib, huquqbuzarliklarga sabab bo‘layotgan asosiy omillar aniqlanmoqda.
Shuningdek, yoshlar, ayollar va ishsizlar, ayniqsa oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish va ularga barham berish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Aholining huquqiy ongi, ijtimoiy faolligi va fuqarolik mas’uliyatini oshirish, jinoyatlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish maqsadida jamoatchilik vakillari, nuroniylar va mahalla faollari keng jalb etilmoqda.
Shuningdek, mutasaddi rahbarlar tomonidan sayyor qabullar hamda haftaning har payshanba kuni “Yoshlar kuni” doirasida yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida maktab o‘quvchilarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida 78 marotaba targ‘ibot uchrashuvlari hamda 22 marotaba muammolarni hal etishga qaratilgan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Shu bilan birga, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar o‘rganilganda, ijtimoiy ko‘makka muhtoj 926 nafar xotin-qizdan 762 nafarining muammolari ijobiy hal etildi.
Shuningdek, 982 nafar fuqaroning reproduktiv salomatligini mustahkamlash bo‘yicha choralar ko‘rildi.
Biroq, fuqarolar o‘rtasida arzimagan sabablarga ko‘ra bir-biriga tan jarohati yetkazish, o‘g‘irlik, haqorat qilish va oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatlari ortib bormoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2026 yilning o‘tgan davrida tumanda 97 ta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan 33 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlardir.
Ularning 21 tasi mahalla hududida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar hisoblanadi.
Mazkur jinoyatlarning 13 tasi o‘g‘irlik, 3 tasi o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish, 1 tasi og‘ir tan jarohati yetkazish, 1 tasi oilaviy zo‘ravonlik va 1 tasi haqorat qilish holatlarini tashkil etgan.
Ushbu davr mobaynida 8 nafar yoshlar, 3 nafar voyaga yetmaganlar va 2 nafar ayol tomonidan jinoyatlar sodir etilgan.
Joriy yil yanvar oyidan boshlab xavfsizlik choralari doirasida “Tig‘” tadbirlari kuchaytirilgan holda o‘tkazilib, 191 nafardan ortiq fuqaroning sovuq qurol yoki unga tenglashtirilgan taqiqlangan ashyolarni noqonuniy ravishda olib yurganligi aniqlanib, ularga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.
Jamoat joylarida spirtli ichimlik iste’mol qilgan 1150 nafardan ortiq fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Mayda bezorilik sodir etgan 580 nafardan ortiq shaxsga nisbatan ma’muriy ishlar qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi 1-sonli qaroriga muvofiq, mahallalarda jinoyatlarning oldini olish maqsadida 55 ta videokuzatuv kamerasi, 45 ta domofon va 5 ta “tashvish tugmasi” o‘rnatildi.
Shuningdek, 22 ta “xavfsiz ko‘cha” va 10 ta “xavfsiz uy” tashkil etildi.
“O‘g‘ir toifadagi” 1 ta mahallaga tashkilot rahbarlari biriktirilib, manzilli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, umumta’lim maktablarida 47 marotaba “Davomat” va “O‘quvchi” tadbirlari o‘tkazilib, 18 nafar uzoq muddat maktabga kelmagan o‘quvchi aniqlandi.
62 nafar muntazam dars qoldiruvchi o‘quvchi bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, 38 nafari o‘quv mashg‘ulotlariga qaytarildi.
Shuningdek, 5 nafar ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, 6 nafar boquvchisini yo‘qotgan va 28 nafar tarbiyasi og‘ir o‘quvchi bilan manzilli ishlar olib borilib, 35 nafarining muammolari hal etildi.
Prokuratura organlari tomonidan jamoatchilik bilan hamkorlikda “og‘ir toifa”dagi yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy, sport va vatanparvarlik yo‘nalishlarida 15 dan ortiq tadbirlar o‘tkazilib, 1000 nafardan ziyod yoshlarning ishtiroki ta’minlandi.
Biroq, afsuski, so‘nggi 20 kun davomida tumanda 10 dan ortiq o‘g‘irlik jinoyatlari sodir etilgani jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.
Bu holatlar asosan yoshlar va ichkilikka ruju qo‘ygan shaxslar tomonidan sodir etilmoqda.
Shu sababli, aziz fuqarolar, bu kabi jinoyatlarga sabab bo‘layotgan omillarga befarq bo‘lmasligingizni, atrofingizdagi jinoyatga moyil shaxslarga e’tibor qaratishingizni so‘rayman.
Zero, inson huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadi. Uning hayoti va sog‘lig‘iga qarshi har qanday tajovuz jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi va jazoning muqarrarligi ta’minlanadi.
Shu bois, barchangizni jinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashishda faol hamkorlikka chaqiraman.
