Hokim va yoshlar uchrashuvi
2026-04-30 10:25:00 / Yangiliklar

Bugun “Yoshlar kuni” doirasida Izboskan tumanida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Abrorbek Ahmadaliev, Markaziy bank rahbari, hokimlik mutasaddilari, mas’ul tashkilotlar va tumanning turli hududlaridan kelgan 300 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida yoshlar tomonidan turli yo‘nalishlarda individual murojaatlar bildirildi. Jumladan, yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning to‘lov-shartnoma mablag‘larini qoplashda amaliy ko‘mak berish kabi masalalar ko‘tarildi.
Shuningdek, haydovchilik guvohnomasini olish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, doimiy ish o‘rinlari yaratish hamda boshqa ijtimoiy masalalar yuzasidan ham taklif va murojaatlar bildirildi.
Uchrashuv davomida har bir murojaat atroflicha tinglanib, ularni ijobiy hal etish bo‘yicha tegishli tashkilot va idoralar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.









