Ishtixon faxri bo‘lgan chempion qizlar munosib e’tirof etildi
2026-06-24 13:45:00 / Yangiliklar

🥊 Ishtixon faxri bo‘lgan chempion qizlar munosib e’tirof etildi
Bugun Ishtixon tumanida yurtimiz hamda tumanimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilib kelayotgan sportchilarni e’zozlashga bag‘ishlangan samimiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ishtixon tumani hokimi Fazliddin Ruziyev, bir qator ijodkorlar, sport sohasi faxriylari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Jahon kubogida tarixiy natija qayd etib, -57 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan hamyurtimiz Nigina O‘ktamova yangi g‘alabasi bilan samimiy tabriklandi.
Shuningdek, yuksak natijalari bilan Ishtixon nomi va mamlakatimiz nufuzini xalqaro maydonlarda munosib targ‘ib qilib kelayotgan sportchilarimiz Gulsevar Gʻaniyeva hamda Maftuna Musulmonova, shuningdek, ularning fidoyi murabbiy ustozlari ham munosib e’tirof etildi.
Tadbir davomida sportchilar va ularning ustozlariga tuman hokimligi tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirilib, ularning mamlakatimiz sport sohasidagi munosib hissasi alohida ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda Ishtixon zaminidan yetishib chiqayotgan iqtidorli yoshlar nafaqat tumanimiz, balki butun O‘zbekistonning g‘ururiga aylanib bormoqda. Ular namoyon etayotgan matonat, intilish va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq kelajak avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ishtixon o‘z chempionlari bilan faxrlanadi!
Sportchilarimizning har bir yutug‘i – Yangi O‘zbekistonning kuchli, irodali va g‘olib avlodini tarbiyalash yo‘lidagi muhim qadamdir. 🇺🇿🥇👏
——
ISHTIXON TUMANI HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI
