SOG‘LOM YOSHLAR – PORLOQ KELAJAGIMIZ POYDEVORI
2026-06-11 10:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
SOG‘LOM YOSHLAR – PORLOQ KELAJAGIMIZ POYDEVORI

Ishtixon tumani hokimi Ruziyev Fazliddin Kiranovichning tuman aholisiga
MUROJAATI
Hurmatli ishtixonliklar, qadrli yurtdoshlar!
Bugungi kunda giyohvandlik va psixotrop moddalar iste'moli inson salomatligi, oila mustahkamligi, farzandlar tarbiyasi hamda jamiyat taraqqiyotiga jiddiy tahdid solayotgan eng xavfli illatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ushbu ofat domiga tushgan inson nafaqat o‘z hayotini izdan chiqaradi, balki oila a'zolari, yaqinlari va atrofidagi insonlarning taqdiriga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
Ayniqsa, bu illatning yoshlar orasida tarqalishi barchamizni jiddiy tashvishga solishi lozim. Zero, Yangi O‘zbekistonning ertangi kuni, xalqimizning ishonchi va tayanchi bo‘lgan yoshlarimiz sog‘lom, bilimli, ma'naviy yetuk, vatanparvar va tashabbuskor insonlar bo‘lib kamol topishi zarur.
Aziz ota-onalar, hurmatli nuroniylar va mahalla faollari!
Farzandlarimiz taqdiriga befarq bo‘lmasligimiz, ularning har bir qadami, qiziqishi va intilishiga e'tibor qaratishimiz kerak. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport, kitobxonlik, ilm-fan, madaniyat, zamonaviy kasb-hunarlar va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish orqali turli zararli illatlar va yot g‘oyalardan asrashimiz mumkin.
Muhtaram nuroniylar!
Sizlarning boy hayotiy tajribangiz, dono maslahatlaringiz va jamiyatdagi yuksak obro‘-e'tiboringiz yosh avlod tarbiyasida beqiyos ahamiyatga ega. Yoshlar bilan muloqotlarni kuchaytirish, ularni ezgu qadriyatlar ruhida tarbiyalash, milliy an'analarimiz va ma'naviy merosimizni targ‘ib etishda faol ishtirokingiz bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.
Hurmatli mahalla faollari, yoshlar yetakchilari va jamoatchilik vakillari!
Har bir mahalladagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni mustahkamlash, xavf guruhiga kiruvchi yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlab, amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek, sport va madaniy-ma'rifiy tadbirlarga keng jalb etish barchamizning ustuvor vazifamiz bo‘lib qolmoqda.
Aziz yoshlar!
Sizlar Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligining eng katta kuchisiz. Sizlardan chuqur bilim olish, zamonaviy kasb va ko‘nikmalarni egallash, sog‘lom turmush tarziga qat'iy amal qilish hamda Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shish talab etiladi.
Har qanday zararli odatlar, giyohvandlik, psixotrop moddalar va boshqa salbiy illatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘ling. O‘z tengdoshlaringizni ham bunday xavf-xatarlardan ogoh eting va sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qiling.
Qadrli tumanimiz aholisi!
Farzandlarimizning baxtli kelajagi, mahallalarimizning tinchligi va osoyishtaligi, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida barchamiz birlashib harakat qilsak, giyohvandlik va boshqa zararli illatlarga qarshi kurashda yanada samarali natijalarga erishamiz.
Keling, birgalikda Ishtixon tumanida sog‘lom turmush tarzini qaror toptiraylik, yoshlarimiz uchun xavfsiz va sog‘lom muhit yarataylik hamda kelajak avlodning baxtli va farovon hayoti uchun munosib zamin hozirlaylik.
Sog‘lom yoshlar – qudratli Vatan va porloq kelajak kafolatidir!
——
ISHTIXON TUMANI HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI
Ishtixon.uz |Telegram |Instagram |Facebook
