Yoshlar — yurt kelajagi e’tibor markazida
2026-04-23 09:20:00 / Yangiliklar

#Yoshlar_muloqat
Yoshlar — yurt kelajagi e’tibor markazida
Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini yanada kuchaytirish maqsadida haftaning har payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida keng nishonlanmoqda. Shu asosda Ishtixon tumanida ham yoshlar bilan muloqot va ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar izchil tashkil etilmoqda.
Jumladan, bugun tumanda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazilib, unda tuman hokimi Fazliddin Ruziyev, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, tuman prokurori hamda viloyat FVV boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari ishtirok etdi. Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan murojaatlar yo‘llab, takliflarini bildirdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, ta’lim imkoniyatlari, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash hamda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan dasturlar haqida atroflicha tushunchalar berildi.
Shuningdek, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni kasbga o‘qitish va jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilinib, o‘zaro fikr almashildi.
——
ISHTIXON TUMANI HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI
