Kasbga sadoqat — muvaffaqiyat omili
2024-04-18 08:05:00 / Yangiliklar
![Kasbga sadoqat — muvaffaqiyat omili](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2Ff70850ff-accb-885d-233f-9fb55e0a1bf5_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Hozirgi kunda Xiva tumani IIB JXX Probatsiya guruhi katta inspektori lavozimida xizmat qilayotgan kapitan Hamrobek Jumaniyozov yaqinda Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Namunali mahalla huquq-tartibot maskani” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida “Eng faol probatsiya xizmati inspektori” nominatsiyasi gʻolibi, deb topildi. Bu eʼtirof uni yanada shijoat bilan xizmat qilishga undashi shubhasiz.
Lavhamiz qahramoni boshqa sohaviy xizmat xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan tezkor tadbirlarda ham faol ishtirok etib kelmoqda.
U Jinoiy-huquqiy sohadagi qonunchilik ijrosini taʼminlash, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga hukm qilingan shaxslarga nisbatan chiqarilgan sud hukmi va ajrimlari ijrosini taʼminlash borasida samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, probatsiya nazorati ostida turgan mahkumlarning muammolarini aniqlash, ularga amaliy yordam berish, bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka jalb etish ham doimiy diqqat markazida.
- Joriy yilning oʻtgan davrida 18 nafar mahkum jazo oʻtash davrida tuzalish yoʻliga kirgani uchun belgilangan jazodan muddatidan ilgari ozod etildi, — deydi kapitan Hamrobek Jumaniyozov. — Aksincha, belgilangan jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlab yurgan 6 nafar mahkumning jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazo turiga almashtirildi.
- Hamrobek Jumaniyozovning ichki ishlar organlarida xizmat qilayotganiga 12 yildan oshdi, — deydi tuman IIB boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Jahongir Otajonov. — Oʻtgan davrda u oʻzining sinchkovligi, kasbiga sadoqati tufayli hamkasblariga oʻrnak boʻlmoqda. Qolaversa, ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, koʻrik-tanlovlarda ham faol qatnashib, gʻolib va sovrindorlar safidan munosib oʻrin egalladi. Masalan, oʻtgan yili “Namunali oila” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida Jumaniyozovlar oilasi faxrli ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritganini eʼtirof etish mumkin.
Xudoybergan JABBOROV, oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.