Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Davron Nazarmuxamedov Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
2024-03-14 16:00:00 / Yangiliklar

Tashrifning dastlabki kunida vazir oʻrinbosari D.Nazarmuxamedov Navoiy shahri “Oʻzbekiston” mahallasida boʻlib mahalla yettiligining xizmat faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuvda ularga aholi gavjum hududlarda profilaktik ishlarni kuchaytirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini muntazam tashkil etish lozimligi aytildi.
Shuningdek, mahalladagi ijtimoiy yordamga muhtoj insonlar, ayollar daftariga kiritilgan xotin-qizlarga amaliy koʻmak qoʻlini choʻzish, jinoyat sodir etishga moyil va uyushmagan yoshlarning bandligini taʼminlash qolaversa, fuqarolarga munosib yashash sharoitlarini yaratish yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi. “Huquq tartibot maskani”da xizmat olib borayotgan xodimlar bilan uchrashib, tunu kun hushyor holda xizmat oʻtash, mahalla ichki koʻchalarini 24 soat davomida kuzatib turish imkonini beruvchi kuzatuv kameralaridan foydalanish koʻlamini kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Mahalla hududidagi koʻp qavatli uylarga borilib, ularda fuqarolar xavfsizligini ishonchli taʼminlash, favqulodda holatlarda insonlarning murojaat etishlari uchun tashkil etilgan “Tashvish tugmasi”ning amaliyotdagi ishlash mexanizmi sinovdan oʻtkazildi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati