Surxondaryoda probatsiya boʻlimi xodimlariga sertifikatlar topshirildi
2024-02-01 10:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general mayor B.T.Abdullayev tomonidan 2024-yil 3-yanvar kuni tasdiqlangan Farmoyishga asosan vazirlik Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi, maxsus tayyorgarlik o‘quv markazi katta inspektor-o‘qituvchisi podpolkovnik J.N.Raxmonov tomonidan 2024-yil 18-19-yanvar kunlari Surxondaryo viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Probatsiya bo‘limi hamda uning barcha hududiy bo‘linmalari xodimlari uchun sayyor o‘quv mashg‘uloti tashkil qilingan edi.
Tashkil etilgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda xodimlarning fuqarolar bilan muomala madaniyatidan tortib, ish jarayonida yuzaga kelishi mumkin ko‘ngilsiz hodisalar, inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan holatlarning oldini olish, maxsus vositalarni ishlatish, ayniqsa elektroshokerlardan foydalanish tartiblari to‘liq tushuntirildi.
Shuningdek, maxsus vositalar qo‘llanilgan shaxslarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, rezina tayoq, masofadan turib boshqariluvchi elektroshok qurilmalarning taktik va texnik xususiyatlari bo‘yicha ham batafsil maʼlumotlar berildi. O‘quv yakunida tinglovchilardan yakuniy sinovlar qabul qilindi.
Kuni kecha o‘quv markazidan berilgan sertifikatlar Surxondaryo viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Probatsiya bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Sh.N.Musurmanov tomonidan o‘quv yig‘inida ishtirok etgan xodimlarga tantanali ravishda topshirildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati