Yaqin tarix sahifalaridan: “Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo...”
2024-01-18 15:30:00 / Yangiliklar

Mamlakatimiz ichki ishlar organlarida ibratli hayot yoʻlini bosib oʻtgan rahbar xodimlar koʻpchilikni tashkil etadi. Ular har qanday qiyin, murakkab va ziddiyatli davrlarda ham kasb mashaqqatlarini sabr va ishonch bilan yengib oʻtganlar. Oʻzlariga nisbatan tuhmat va nohaqliklar yogʻilishiga qaramay, irodasini aslo bukmaganlar, kun kelib haqiqat albatta qaror topishiga ishonganlar.
Ana shunday matonatli, fidoyi va vatanparvar insonlardan biri isteʼfodagi general mayor Talʼat Subhonovich Sattorovdir.
Talʼat Sattorov 1955-yil 10-sentyabrda Samarqand shahrida tugʻildi. Otasi Subhon ota qurilish tashkilotida rahbarlik lavozimida ishlagan. Onasi Munavvara aya oʻqituvchi boʻlgan. Talʼat Subhonovich oʻquvchilik davrida bilimga tashna, oʻta tirishqoq boʻlib, sinfdoshlariga oʻz odobi bilan namuna edi. 1972-yilda u oʻrta maktabni aʼlo baholar bilan tugatib, yigitlik burchini oʻtab qaytdi. Boʻsh vaqtlarida kitob oʻqish bilan mashgʻul boʻldi.
Shundan soʻng T. Sattorov yoshlar tashkilotining yoʻllanmasi bilan Toshkent shahar IIB Jinoyat qidiruv boʻlimida oddiy militsioner vazifasida faoliyatini boshladi. Qariyb uch yil davomida ushbu sohaning sir-asrorlarini oʻrgandi.
Nihoyat oʻzi orzu qilgan IIV Toshkent Oliy maktabining kunduzgi boʻlimiga oʻqishga kirib, 1982-yil mazkur taʼlim muassasasini muvaffaqiyatli tamomladi. Toshkent shahar IIB JQBda, 1983-yildan esa IIV Transport boshqarmasida va ichki ishlar organlarining boshqa sohaviy xizmatlarida faoliyatini davom ettirdi.
Gdlyan boshchiligidagi tergov guruhi ning soxta boʻhtonlari qahramonimizni ham chetlab oʻtmadi. 1986-yil u hibsga olinib, umrining qariyb uch yilini qamoqda oʻtkazdi. Ana shu qisqa muddat uning uchun bir asrga aylandi goʻyo. Ammo Talʼat Sattorov sabr qildi. “Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi” deb bejiz aytishmaydi. Va nihoyat gdlyanchilar tomonidan toʻqib-bichilgan soxta ayblov ishi Oliy sud tomonidan koʻrib chiqilib, unga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. T. Sattorovga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar toʻliq undirilib, Oliy sudning ajrimi bilan u ichki ishlar organlariga xizmatga tiklandi.
T. Sattorov mustaqillik yillarida mamlakatimiz ichki ishlar organlarining turli sohaviy xizmatlarida samarali faoliyat koʻrsatib, oʻzining chuqur bilimi, fidoyiligi, rahbarlik salohiyati, tashkilotchiligi tufayli yuqori lavozimlarga koʻtarildi. Ichki ishlar organlarida oddiy safdordan general mayor unvonigacha boʻlgan mashaqqatli va sharafli yoʻlni bosib oʻtdi.
U 1995—1997-yillarda Sirdaryo tumani IIB boshligʻi, 1997—1998-yillarda esa viloyat IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari boʻlib ishladi. Keyinchalik Buxoro, Namangan, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlari IIB boshligʻi lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi.
Oʻziga va xodimlarga birdek talabchan boʻlgan Talʼat Sattorov rahbar sifatida ishni shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish, yosh xodimlarda kasbiy bilim va jismoniy hamda jangovar tayyorgarlik hamda maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish, ularni oʻqitish va malakasini oshirishga eʼtibor qaratdi. Bevosita uning tashabbusi bilan viloyat ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat sharoitlarini yaxshilash, moddiy texnika bazasini mustahkamlash ishlari izchillik bilan amalga oshirildi.
2005-yilda unga koʻp yillik samarali xizmati, fidoyiligi va tashabbuskorligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan II darajali “Shon-sharaf” ordeni va 2010-yilda “general mayor” maxsus unvoni berildi. Talʼat Subhonovich pensiyaga chiqqunga qadar ona Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qildi.
Xalqimiz uchun muqaddas va bebaho boʻlgan tinchlik-osoyishtalikni taʼminlashda koʻpni koʻrgan insonlar, keksa avlod vakillarining ustozlarcha maslahat va yoʻl-yoʻriqlari gʻoyat qimmatlidir. Darhaqiqat, bugungi kunda isteʼfodagi general mayor Talʼat Subhonovich Sattorovning koʻplab shogirdlari respublika ichki ishlar organlari va tizimlarida turli rahbarlik lavozimlarida xizmat qilib, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasida bor bilim hamda kuch-gʻayratini safarbar etib kelmoqdalar.
Ukasi Shavkat Sattorov ham uning izidan borib, uzoq yillar Samarqand viloyati IIB tizimida turli lavozimlarda samarali xizmat qilib,podpolkovnik unvonida pensiyaga chiqqan. Oʻgʻli Dilshod esa hozirda prokuratura tizimida masʼul lavozimda faoliyat koʻrsatmoqda.
Isteʼfodagi general-mayor Talʼat Sattorov endilikda Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashining aʼzosi sifatida yosh xodimlarni kasbga, ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash ishlarida faol ishtirok etyapti.
Uzoq yillar bank tizimida samarali mehnat qilib, hozirda pensiyada umrguzaronlik qilayotgan umr yoʻldoshi Roila opa bilan farzandlari va nabiralari ardogʻida keksalik gashtini surmoqda.
Bobomurod TOSHEV. “Postda”