IIV Akademiyasida “Kiberxavfsizlikni taʼminlash va axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishni takomillashtirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi
2023-12-18 15:00:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki, manfaatdor vazirlik va idoralar, oliy taʼlim muassasalari vakillari hamkorligida tashkil qilingan anjumanni akademiya boshligʻining axborot texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari Najmiddin Toʻraxodjayev ochdi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, raqamli texnologiyalar imkoniyatlari kengayib borayotgani sayin, kiber makon bilan bogʻliq yangidan-yangi xavf-xatarlar, davlat va jamiyat manfaatlari hamda fuqarolarning shaxsiy huquqlariga tahdid solish kabi muammolar yuzaga kelmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda kiberjinoyatlar avj olmoqda. Bunday vaziyatda xavfsizlikni taʼminlash, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishni takomillashtirish dolzarb vazifa sanaladi.
Respublika miqyosidagi konferensiyada IIV Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi boshligʻi B.Mamadjanov “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish: mavjud tendensiya, prognoz va takliflar”, Ekspert-kriminalistika bosh markazi boshligʻi S. Nuriddinov “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni fosh etishda maxsus bilimlardan foydalanishni takomillashtirish”, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-uslubiy markazi katta ilmiy xodimi X. Gadjiyev “Kriptoaktivlar sohasidagi jinoyatlarning oldini olish”, “Kiberxavfsizlik markazi” DUK bosh mutaxassisi Artur Valiullin “Darknet” tarmogʻidagi kiberjinoyatlar axborot xavfsizligiga tahdid sifatida”, IIV akademiyasi Axborot texnologiyalari kafedrasi boshligʻi A.Iminov “Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash yoʻnalishida kadrlar tayyorlash” kabi mavzuyida maʼruza qildi.
Kiberxavfsizlikni taʼminlash, faoliyatning huquqiy jihatlarini takomillashtirish, zamonaviy xavf-xatarlarning oldini olish, axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etish boʻyicha xalqaro tajribaning ilgʻor xususiyatlarini oʻrganish kabi dolzarb yoʻnalishlarda taklif hamda tavsiyalar bildirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati