Namangan viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha keng qamrovli oʻrganishlar olib borildi
2025-03-26 13:15:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati IIB va prokuraturasi rahbariyati tomonidan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish chora-tadbirlari hamda huquqbuzarliklarga qarshi kurashish boʻyicha keng qamrovli oʻrganishlar olib borildi.
Namangan tumanining “Katta Toshbuloq” mahallasida ogʻir turdagi jinoyatlarning sabab va shart-sharoitlari muhokama qilinib, mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida kelgusidagi profilaktik chora-tadbirlar belgilab olindi. Shu bilan birga, “Mulla Kuding” mahallasida oila doirasida sodir etilgan jinoyat tahlil qilinib, bunday holatlarning oldini olish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi. Shuningdek, PQ-1-son qarori ijrosini taʼminlash hamda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yuzasidan rahbarlarga topshiriqlar berildi.
Probatsiya va maʼmuriy nazorat ostidagi shaxslar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda ularning muammolari tinglanib, bandligini taʼminlash va ijtimoiy moslashuvini qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, jazoni oʻtash tartibiga halol munosabatda boʻlib, belgilangan qoidalarga toʻliq rioya etayotgan shaxslarga muddatidan oldin jazodan ozod etilish imkoniyatlari haqida tushuntirishlar berildi.
Shu kabi oʻrganishlar Uchqoʻrgʻon tumanida ham davom etib, ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisasi keng jamoatchilik, haydovchilar va tegishli tashkilotlar ishtirokida muhokama qilindi. Voqea sodir boʻlgan joy oʻrganilib, hodisaga sabab boʻlgan omillar tahlil qilindi. Qoidabuzar haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilish muhimligi yana bir bor uqtirildi.
Mazkur oʻrganishlar davomida nafaqat jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, balki aholining ijtimoiy muammolarini hal etish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati