Faxriylar – faxrimiz. “Xizmatda yashash kerak”
2025-03-24 13:30:00 / Yangiliklar

Isteʼfodagi podpolkovnik Bahrom Qulbekov uzoq yillar ichki ishlar organlarida sidqidildan xizmat qilib, bir necha shogirdlarga ustozlik qilgan fidoyi va jonkuyar faxriylardan. Uning tizimning kecha va buguni haqidagi fikrlarini tinglasangiz, isteʼfoga chiqqaniga qariyb bir oʻspirin ulgʻaygudek fursat oʻtgan boʻlsa-da, oʻzi mehr qoʻyib, astoydil faoliyat yuritgan sohaga befarq emasligi va tizimdagi islohotlarni hamisha kuzatib, tahlil qilib borishiga amin boʻlasiz.
- Mahallada, koʻcha-koʻyda, jamoat joylarida, korxona va tashkilotlarda, televizorda namoyish etilayotgan dasturlarda ichki ishlar organlari xodimlarini koʻrganda, xizmat yillarim yodimga tushaveradi, — deydi lavhamiz qahramoni. — Ustozlarimiz “Tanlagan kasbingning oʻziga xos tomonlarini erinmay oʻrgansang, hech qachon bilim, tajriba, mahorat borasida mulzam boʻlmaysan”, deb oʻrgatgan. Shu aqidani yodda tutib kam boʻlmadim. Kadrlar boʻlimining tarbiya yoʻnalishidagi faoliyatimda xodim kasbining talab va majburiyatlaridan kelib chiqib, oʻzi uchun belgilangan meʼyorlarni har harfigacha yodda tutishi kerak, degan talabni qatʼiy qoʻyib ishladim. Xodimning ustidagi libosi,harakati uning qanday inson ekanligi haqida soʻzlab turishi eʼtibor markazimda boʻldi. Bunda ustozlarim polkovnik Oʻtkir Joʻrayev va mayor Poʻlat Ashurovdan olgan qimmatli saboqlarim asqatdi. Ularning har bir soʻzi, xatti-harakatida ibrat bor edi. Shu bois tizimdagi “ustoz-shogird” anʼanalarini nihoyatda qadrlayman. Dono xalqimizda “ustoz koʻrgan”, degan ibora bejiz yaralmagan. Men ham ustozlarimdan oʻrganganlarimni keyingi avlodga oʻrgatdim.
Qoʻqonda tugʻilib, Fargʻona politexnika universitetida injener-mexanik, keyinchalik IIV Akademiyasida huquqshunoslik boʻyicha taʼlim olgan Bahrom Qulbekov oʻziga nisbatan nihoyatda talabchan inson. U hayotga teran nigoh bilan qarashni qadrlaydi. Har bir inson tanlagan kasbida shunchaki ishlashi emas, balki yashashi kerak, deb hisoblaydi. Bu qoidani u farzandlarining ongu shuuriga ham singdirgan. Bugun uning katta oʻgʻli Bunyodbek huquqshunos, qizi Durdona psixolog, oilaning kenjasi Bobur axborot texnologiyalari sohasini tanlagan va oʻz kasbining ustasi sifatida faoliyat yuritishadi. Turmush oʻrtogʻining mashaqqatli va sharafli kasbdagi faoliyatini oʻzining mehr-muhabbati va oqilaligi bilan qoʻllab kelgan Oʻzbekiston Milliy universiteti professori Laʼlixon Muhammedjanova oila oshyonining osoyishini taʼminlashga munosib hissa qoʻshgan olima ayollardan, desak, aslo mubolagʻa emas. Ularning fayzli xonadonini nabiralarining shoʻx-shodon kulgulari toʻldirib turadi. Ayniqsa, Bahrom aka nabiralarining astagina ota-onasidan goʻyoki yashirib, pichirlab bobosiga ilingan erkaliklaridan yayrab ketadi. Mehribon va jonkuyar bobo ularni maktabga eltadi, bolalar maydonchalari, istirohat bogʻlarini sayr qildirib, bozorlarga olib boradi. Xullas, Bahrom aka katta avlod bilan kichik avlod oʻrtasida mehr-oqibat koʻprigining mustahkam ustuni, muqaddas rishtalarni ardoqlovchi inson.
Lavhamiz qahramoni doim tugʻilib oʻsgan ona zaminning har bir gulu giyohidan tortib, odamlarning oʻzaro insoniy munosabatlaridan koʻpchilik koʻzi ilgʻamas mohiyatni anglashga intiladi. Hayotda muhim xulosaga kelishda shoshilmaslik kerakligini bilgani uchun ham, mulohaza bilan ish koʻradi. Ichki ishlar organlaridagi faoliyati davomida burchiga sadoqat, xizmatiga fidoyilik koʻrsatganining siri ham shunda, aslida. Yana bir jihat qahramonimizning turmush yoʻllarida shiorga aylantirgan mulohazalari bor. U baʼzan bunday fikrlarini yon daftariga qoralab, sanasini ham koʻrsatib qoʻyadi.
- Inson hayotda haqiqatga tik boqishdan choʻchimasligi kerak, — deydi u. — Qoʻrqoq odam hayotda oʻz oʻrnini topishga qiynaladi, undan odamlar qochadi. Yana oilada oqibatning koʻtarilishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Oiladagi ahil-inoqlikda baraka bor. Qizlarimizni oʻqitishimiz, ularning taʼlimiga alohida eʼtibor qaratishimiz joiz. Yaqinlar, yoru birodarlar diydori yoqimli hislar tuhfa etadi. Ularning qadriga yetish lozim. Ustozlar, shogirdlar bilan hamisha fikrdosh boʻlishga intilish darkor. Nafaqat ustozlardan, balki shogirdlardan ham koʻp narsa oʻrgansa boʻladi.
Zero, inson insonga koʻzgudir.
Yoniq qalb harorati, ezgu oʻy-fikrlari bilan hayotda halol mehnati ortidan hurmat qozonib, oilasi, yaqinlari bagʻrida baxt-saodatga erishib, har jihatdan toʻkis umrguzaronlik qilayotgan isteʼfodagi podpolkovnik Bahrom Qulbekov yaqinda tabarruk yetmish yoshni qarshilaydi. Chin insoniy fazilatlar aʼmoliga aylangan bu insonga mustahkam sogʻliq, piri badavlatlik tilab, taqdir yozigʻlariga havasmandmiz.
Gulnoza Turgʻunboyeva, oʻz muxbirimiz. “Postda”