Andijon viloyatining Shahrixon tumanida sodir etilgan jinoyat yuzasidan tanqidiy muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2025-03-24 12:10:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son Qarorida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, Shahrixon tumanida qarindoshlar oʻrtasida oilaviy kelishmovchilik oqibatida sodir etilgan qotillik jinoyatiga sabab boʻlgan omillar keng jamoatchilik oʻrtasida tanqidiy muhokama qilindi.
Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Sanjar Djabarov raisligida boʻlib oʻtgan muhokamada tumandagi huquq-tartibot organlari rahbarlari,tashkilot-muassasalar masʼullari, “mahalla yettiligi” aʼzolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Soʻz olganlar tomonidan sodir etilgan noxush holat sabablari va uning oqibatlari jamoatchilikka atroflicha yetkazilib, ushbu jinoyatning kelib chiqishiga shart-sharoit yaratgan omillar tub ildizigacha muhokama etildi.
Oʻz ishiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan masʼul idora va tashkilotlarga belgilangan tartibda jazo choralari koʻrilishi ham taʼkidlab oʻtildi.
Muhokama yigʻilishida “mahalla yettiligi” aʼzolari hamda boshqa masʼullar tomonidan ushbu sodir etilgan ayanchli holatdan oʻzlariga yetarlicha xulosa chiqargan holda kelgusida bunday jinoyatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, muhokama yigʻilishida bugungi kunda keng avj olayotgan kiberjinoyatchilik xususida ham atroflicha soʻz yuritildi. Fuqarolarning ushbu turdagi jinoyatlar qurboniga aylanib qolishlarida aksariyat hollarda ularning ishonuvchanligi sabab boʻlayotganligi toʻgʻrisida aniq misollar keltirilib, barcha ogohlik va hushyorlikka chaqirildi.
Muhokama yigʻilishi yakunida sodir etilgan jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning salbiy oqibatlarini tadbirda ishtirok etganlarning barchasi oila aʼzolari, qarindosh urugʻlari hamda tanish-bilishlariga ibrat olish maqsadida yetkazishlari kerakligi aytilib,bu borada tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati