Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son Qaroridan kelib chiqib, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida sodir etilgan jinoyat yuzasidan tanqidiy muhokama yigʻilishi oʻtkazildi
2025-03-21 13:35:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son Qarorida jinoyat sodir etilgan mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli va natijadorligi boʻyicha barcha masʼul idora va muassasalar bilan tanqidiy muhokamalar oʻtkazilishi hamda ushbu masalaga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan rahbarlarga nisbatan taʼsir choralar koʻrib borilishini yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilangan boʻlib, shunga asosan Baliqchi tumanida 19-mart kuni maktab oʻquvchisi tomonidan sodir etilgan mudhish jinoyat sabablari keng jamoatchilik oʻrtasida muhokama etildi.
Andijon viloyati prokurori Murodillo Abduhakimov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Sanjar Djabarovlar raisligida boʻlib oʻtgan muhokamada tumandagi huquq-tartibot organlari rahbarlari, tashkilot-muassasalar masʼullari, “mahalla yettiligi” aʼzolari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Soʻz olganlar tomonidan sodir etilgan noxush holat sabablari va uning oqibatlari jamoatchilikka atroflicha yetkazilib, ushbu jinoyatning kelib chiqishiga shart-sharoit yaratgan omillar tub ildizigacha tahlillar asosida tanqidiy muhokama qilindi.
Oʻz ishiga beparvolik va loqaydlik bilan munosabatda boʻlgan masʼul idora va tashkilotlarga belgilangan tartibda jazo choralari koʻrilishi aytib oʻtildi.
Muhokama yigʻilishida “mahalla yettiligi” aʼzolari, taʼlim muassasasi masʼullari tomonidan ushbu sodir etilgan ayanchli holatdan oʻzlariga yetarlicha xulosa chiqargan holda kelgusida bunday jinoyatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, boshqa bir insonga qasddan zarar yetkazishning gunohi ogʻir ekanligi, ikki yoki undan koʻproq insonlar orasida nizo chiqishini tashqaridan bila turib, bunga befarq boʻlish ham katta ayb sanalishi haqida atroflicha soʻz yuritildi. .
Bundan tashqari, oʻtkazilgan muhokama yigʻilishida bugungi kunda keng tus olayotgan kiberfiribgarlik xususida ham atroflicha soʻz yuritilib, fuqarolarning ushbu turdagi jinoyatlar qurboniga aylanib qolishlarida aksariyat hollarda ishonuvchanligi sabab boʻlayotganligi keskin tanqid ostiga olindi.
Tadbir yakunida sodir etilgan jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning salbiy oqibatlarini muhokamada ishtirok etganlarning barchasi oila aʼzolari, qarindosh urugʻlari hamda tanish-bilishlariga ibrat olish maqsadida yetkazishlari kerakligi aytilib, bu borada tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati