Asosiy kontentga o'tish

Andijon viloyati Asaka tumanida probatsiya hisobidagi shaxslar, muqaddam sudlanganlar va nizoli oilalarning muammolarini hal etishga qaratilgan sayyor qabul tashkil etildi

2025-03-19 15:55:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvar kungi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 1-son qarori ijrosi talablaridan kelib chiqib, joriy yilning 18-mart kuni Andijon viloyatining Asaka tumanida, viloyat prokurori Murodillo Abduhakimov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Sanjar Djabarovlar tomonidan probatsiya hisobidagi shaxslar, muqaddam sudlanganlar, nizoli oilalarning muammolarini oʻrganish, ularning bandligini taʼminlash maqsadida sayyor qabul oʻtkazildi.

Qabulda 50 nafarga yaqin fuqarolarning turli masalalardagi murojaatlari tinglandi. Xususan, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, kredit olish, ishga joylashish, yer ajratish va boshqa ijtimoiy masalalardagi aksariyat murojaatlar joyida ijobiy hal etildi.

Murojaatlarning har biri mutasaddi idoralar vakillari tomonidan oʻrganib chiqilib, yechimi vaqt talab qiladigan murojaatlar yuzasidan tegishli masʼullarga topshiriqlar berildi.

Bir soʻz bilan aytganda, koʻplab fuqarolar mavjud muammolarining ijobiy hal qilinishi ortida muhtaram Prezidentimizning olib borayotgan odilona siyosati yotganligini mamnuniyat bilan izhor etdilar.

Bu kabi sayyor qabullarning tashkil etilishi Andijon viloyatining boshqa shahar-tumanlarida ham davom ettirilmoqda.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

303

Oxirgi yangilanish: 2025-03-20 07:32:38

Andijon viloyati Asaka tumanida probatsiya hisobidagi shaxslar, muqaddam sudlanganlar va nizoli oilalarning muammolarini hal etishga qaratilgan sayyor qabul tashkil etildi