Yangi Oʻzbekiston — Yangi ichki ishlar organlari. Motopatrullar: tezkor va qulay
2025-03-10 23:00:00 / Yangiliklar

Shiddat bilan oʻzgarib borayotgan bugungi davrda ichki ishlar organlari faoliyati zamon talablariga mos holda takomillashib bormoqda.
Xususan, jamoat tartibini saqlashga bevosita masʼul boʻlgan patrul-post xizmatini sifat jihatidan yuqori bosqichga koʻtarish maqsadida har tomonlama qulay va tezkor zamonaviy transport vositalaridan keng foydalanish yoʻlga qoʻyilmoqda.
Ayni kunlarda Fargʻona hamda Margʻilon shaharlari koʻchalarida motoskuter boshqarib yurgan xodimlarga koʻzingiz tushadi. “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz mahalla” tamoyillari asosida jamoat tartibini saqlashda motopatrullar faoliyati yoʻlga qoʻyilgach, qisqa davrda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikni jilovlashda vaziyat ijobiy tomonga oʻzgarmoqda.
Motopatrul guruhlariga 26 nafar xodim jalb etilgan boʻlib, ularga zamonaviy motoskuterlar biriktirilgan, — deydi viloyat IIB JXX JTSB patrul-post batalyoni otryad komandiri oʻrinbosari, kapitan Mahmudjon Tojaliyev. — Ular 6 ta yoʻnalishda eng gavjum koʻchalar, avtopatrullar yurishi imkoni boʻlmagan koʻp qavatli uylar orasida xizmat olib boradi. Zamonaviy skuterlar voqea joylariga tezkorlik bilan yetib borish va hududlarni aylanishda juda qoʻl kelyapti.
Fargʻona shahrining “Shakarqishloq”, “Yangisoy”, Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiy nomli mahallalarida xizmat olib borayotgan motopatrullar voqea joyiga oʻz vaqtida yetib borib, qator jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga erishdilar.
Motopatrul xodimlari koʻp qavatli uylar orasida aylanib yurganida, basharti biror jinoyat yoki tartibbuzarlikka roʻpara kelishsa, tezda vaziyatni nazoratga olib, aloqa vositalari orqali avtopatrullarga xabar bermoqdalar. Natijada sodir boʻlishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning oldi olinyapti.
Hududimiz asosan koʻp qavatli uylardan iborat, Fargʻona shahrining eng gavjum yoʻnalishi sanaladi, — deydi safdor Ahliyor Tolipov. — Har kuni xizmat jarayonida 20 tadan ortiq huquqbuzarlik holatlarini aniqlab, tegishli tartibda choralar koʻryapmiz.
Koʻchalarda aylanib yurarkanmiz, fuqarolar bizga ishonch bilan qarab turganiga guvoh boʻlamiz. Bolakaylar havas qilib, qoʻllarini silkitadilar, nuroniylar duo qilishadi.
Shunday pallada el-yurtga nafimiz tegayotganidan, xalqimiz ishonchini oqlayotganimizdan faxrlanib ketamiz.
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.