“8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida bayram tadbiri boʻlib oʻtdi
2025-03-09 11:15:00 / Yangiliklar

Xalqimiz ayollarni uygʻonish va yasharish fasli boʻlgan bahorga qiyoslaydi. “8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayramining ham ushbu mavsumning ilk kunlarida nishonlanishida ham ana shunday hikmat mujassam, desak adashmaymiz.
Bugungi kunda xotin-qizlarimiz xalq xoʻjaligining deyarli barcha sohalarida samarali xizmat qilmoqda. Hatto ular el tinchligi yoʻlida ham oʻz faolligi bilan koʻzga tashlanmoqda. 8 mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida bayram tadbiri oʻtkazildi.
Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri soʻzga chiqib, yigʻilgan xotin-qizlarni bayram bilan tabrikladi. Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlar uchun koʻplab imkoniyatlar yaratib berilgan, ular qaysi sohada boʻlmasin oʻzlarining mehnatsevarligi, talabchanligi tufayli erkaklar bilan teng qadam tashlab xizmat qilib kelmoqda.
Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirlarining maxsus buyruqlari bilan bir guruh xotin-qizlarga koʻkrak nishonlari, maxsus unvonlar, esdalik sovgʻalari topshirildi. Shu bilan birga vazirlik tizimida xizmat qilayotgan xotin-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan sport musobaqalari gʻoliblari, taʼlim muassasalari oʻqituvchilari ham munosib taqdirlandi.
Bayram kechasi vazirlikning Orol yulduzlari ansamblining qiziqarli sahna koʻrinishlari, madaniyat va sanʼat xodimlarining konsert dasturi bilan davom etdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Axborot xizmati