Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida “8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni“ munosabati bilan sohada faoliyat koʻrsatuvchi ayol xodimalar uchun tantanali bayram tadbiri tashkil etildi
2025-01-08 15:25:00 / Yangiliklar

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar manfaatlarini taʼminlash, jamiyat hayotidagi oʻrnini mustahkamlash davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yoʻnalishiga aylangan.
Darhaqiqat, Yangi Oʻzbekistonni bunyodkori boʻlgan yosh avlodni tarbiyalashda, avvalambor, zukko va mehribon ayollarimizga, ularning buyuk murabbiylik fazilatlariga tayanmoqdamiz.
Shunday ekan, Ichki ishlar organlarida yigitlar bilan bir safda xalq manfaatlari yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilayotgan fidoyi ayollarning ham oʻrni beqiyos.
Ayniqsa, profilaktika, migratsiya, tergov, jinoyat-qidiruv, yoʻl harakati xavfsizligi, tibbiy xizmat koʻrsatish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha xizmat va yoʻnalishlarda rahbar ayollar soni koʻpayib borayotganligi eʼtirofga sazovor.
Tantanali bayram tadbirida Ichki ishlar vaziri general-mayor Aziz Tashpulatov ichki ishlar organlari tizimida matonat bilan xizmat qilib kelayotgan, turli sohalarda yelkadosh boʻlayotgan barcha xotin qizlarni bayram bilan samimiy muborakbod etib, bir guruh xodimalarga mukofotlar va maxsus unvonlar topshirdi.
Ayyom munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi tizimida mehnat qilib kelayotgan, oʻz sohasining chinakam jonkuyarlari munis va dilbar xotin-qizlarga ehtirom koʻrsatildi.
Tadbir davomida Ichki ishlar vazirligi qoshidagi ashula va raqs ansamblining xonandalari oʻzlarining betakror qoʻshiq va raqslari bilan ishtirokchilarga bayramona kayfiyatini ulashdilar.