Asosiy kontentga o'tish

Qoʻshqanotlar. «Bir olmaning ikki yuzi»

2025-03-06 13:20:00 / Yangiliklar

Togʻasining oʻgʻli, mayor Oʻktam Xayrullayevga havas qilgan Mehribon kelajakda ichki ishlar organi xodimi boʻlishni koʻngliga tugdi. Shu maqsadda IIV Akademiyasiga oʻqishga kirib, taqdirni koʻringki, shu yerda boʻlajak turmush oʻrtogʻi bilan yaqindan tanishib, qalb rishtalarini bogʻladi. Kelajakda oila qurib, yurt osoyishtaligi yoʻlida bir tan-u bir jon boʻlib xizmat qilishga ahd qilishdi.

Oradan yillar oʻtdi. Taʼlim muassasasini muvaffaqiyatli tamomlagan ikki yosh oila qurishdi. Oila boshligʻi Mehribon ilk xizmat faoliyatini Angren shahar IIB EKG eksperti lavozimida boshladi. Ustozi, hozirda isteʼfodagi podpolkovnik Sardor Shokirovdan xizmat sirlarini oʻrganib, mahoratini oshira bordi.

Hozirgi paytda Bekobod tumani IIB JQB tezkor vakili lavozimida faoliyat olib borayotgan katta leytenant M.Tursunmurodov sportning yengil atletika va qoʻl jangi turlaridan tashqari, stol tennisi bilan ham shugʻullanadi. Shuningdek, xizmatdan boʻsh paytlarida badiiy asarlarni mutolaa qiladi.

Oila bekasi, katta leytenant Nodira Bobojonova esa toʻydan keyin turmush oʻrtogʻi bilan bir joyda, yaʼni Bekobod tumani IIBda voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor sifatida xizmatni davom ettirdi. Ustozlari koʻmagida amaliy tajriba va koʻnikma orttirib, jamoada oʻz oʻrnini topdi. Hozirda tugʻruq taʼtilida boʻlishiga qaramasdan, oʻz kasbining masʼuliyatini bir zum boʻlsa-da, unutgani yoʻq.

- Otam, mayor Muhiddin Qorjovov koʻp yillardan beri ichki ishlar organlarida faoliyat olib boradi, — deydi Nodira. -U kishi koʻrsatgan yoʻl-yoʻriqlar xizmatda doim asqatdi. Buning ustiga, turmush oʻrtogʻim bilan birga soha vakili boʻlganimiz menga yanada kuch bagʻishlaydi.

Mehribon Tursunmurodov ham rafiqasining bu fikrini shunday tasdiqladi:

- Er-xotinning bir sohada xizmat qilishi bir-birini yaxshiroq tushunish imkonini beradi. Shu sababli oilada ham oʻzaro hurmat-izzat hukmron boʻladi.

Hozirda Muhammadiso ismli farzandini kamolga yetkazayotgan osoyishtalik posbonlari bir kasb egalari boʻlib, elga nafi tegayotganlaridan benihoya baxtiyorlar.

Mixli Safarov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Toshkent viloyati

196

Oxirgi yangilanish: 2025-03-17 11:59:49

Qoʻshqanotlar. «Bir olmaning ikki yuzi»