Asosiy kontentga o'tish

Mahalla tinch — yurt tinch. “Qizil” hududlarda profilaktika

2025-03-05 23:00:00 / Yangiliklar

Muzrabot tumanida 37 ta mahalla mavjud boʻlib, ular-ning 12 tasi “yashil”, 20 tasi “sariq” va qolgan 5 tasi “qizil” toifaga kiritilgan. Endilikda tumanda jinoyatchilikni kamaytirish uchun “sariq” toifadagi mahallalarni “yashil”ga aylantirish choralarini koʻrish bilan birga, “qizil” toifadagi hududlarda ham profilaktik tadbirlar olib borilayotir.

Jumladan, tumandagi “Doʻstlik”, “Olmazor”, “Duoba”, “Shaffof” va “Muzrabot darvoza” mahallalari “qizil” toifaga kiritilgan. Ushbu hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish uchun hamkorlikdagi mutasaddi xodimlar tunu kun xizmat qilishmoqda.

Mahallalarda ijtimoiy profilaktikani tizimli yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratilayapti, — deydi tuman IIB JTSG katta inspektori, kapitan Qahramon Moʻminov. — Misol uchun, tumanning “Shaffof” mahallasida tungi oʻrganishlar olib borildi.

Mahalla hududidagi koʻchalarni yoritish chiroqlari bilan taʼminlash, aholi turarjoylari va savdo nuqta-lariga kameralar oʻrnatish choralari koʻrildi.

Aniqlangan kamchiliklar boʻyicha “mahalla yettiligi”ga vazifalar yuklatildi. Mahallada “Namunali xavfsiz koʻcha” va “Namunali xavfsiz yoʻlak”lar tashkil etilmoqda.

Bundan tashqari, “Shaffof” mahallasi hududiga shaxsni tanib oluvchi va avtotransport vositalarining raqamini identifikatsiya qiluvchi 4 ta maxsus kamera oʻrnatildi. Aholi yashash xonadonlariga esa favqulodda holatda xabar berish uchun moʻljallangan “SOS” tugmalari oʻrnatilmoqda.

“Qizil” toifadagi har bir mahallada huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishga moyilligi bor yoki bundan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan shaxslar bilan individual tarzda suhbatlar olib borilayotir.

Jarayonda fuqarolarning muammolari aniqlanib, ular boʻyicha mahalla faollariga profilaktika inspektorlari tomonidan 47 ta xulosa berildi.

Xususan, nizoli oilalarni yarashtirish, ishsizlarni ish bilan taʼminlash, oʻquv kurslariga jalb qilish choralari koʻrilyapti.

Shuningdek, profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etish va jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan shaxslarning ijtimoiy-maishiy muammolari ham joylarda oʻrganilib, bartaraf etilmoqda.

©️ “Postda” gazetasi, Feruza Rahmonqulova, Surxondaryo viloyati.

139

Oxirgi yangilanish: 2025-03-17 12:00:53

Mahalla tinch — yurt tinch. “Qizil” hududlarda profilaktika