Qaror va ijro. Osoyishtalikka zamin xozirlash
2025-03-05 08:20:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining joriy yil 3-yanvardagi «2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organ-lari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Qarshi shahridagi «qizil» toifaga mansub «Choʻlquvar» mahallasida «Yoʻl xaritasi» asosida ijtimoiy profilaktika tizimi yoʻlga qoʻyilib, hududdagi taʼlim muassasalari, koʻchalar, shuningdek, jinoyat sodir etilishi ehtimoli yuqori boʻlgan joylarda videokuzatuv kameralari oʻrnatilmoqda. Koʻngilochar maskanlar, tungi klublar atrofidagi videokameralarning ish holati koʻzdan kechirildi. Bu jarayonda oʻrnatilgan videokuzatuv kameralarini mahalla tayanch punkti va Ichki ishlar boshqarmasi vaziyatlar markaziga integratsiya qilish choralari ham koʻrildi.
Mahallada jinoyatchilikning oldini olish maqsadida markaziy avtomobil qatnov yoʻli yoqasiga «SOS» tezkor chaqiruv tugmasi oʻrnatildi.
Bundan tashqari, ayni paytda aholi xonadonlari qoʻriqlovini qoʻriqlash pultiga ulash yuzasidan targʻibot ishlari olib borilib, koʻp qavatli uylarning kirish yoʻlaklariga tashvish tugmalari qoʻyildi.
Qaror ijrosi doirasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sodiq RAHIMOV, oʻz muxbirimiz.
Qashqadaryo viloyati.