Qilni qirq yorib. Sinchkov nigoh bilan
2025-03-03 11:40:00 / Yangiliklar

Jinoyat joyini oʻrganish — dalillarni topish, yigʻish va hujjatlashtirish, gumon qilinuvchilarni aniqlash uchun barmoq izlari tahlili, qalbaki hujjatlarni tekshirishda ekspert-kriminalistdan kuchli tahlil qilish va diqqat bilan ishlash qobiliyatiga ega boʻlish, sabr-toqat va aniqlik bilan xulosani taqdim eta bilish talab etiladi.
Namangan viloyati Davlatobod tumani IIB Ekspert-kriminalistika guruhi xodimlari oʻtgan yili tuman hududida sodir etilgan 284 ta hodisa va jinoyat joyini koʻzdan kechirishda ishtirok etdi. Jarayonda 219 ta ashyoviy dalillar olingan. 54 ta tadqiqot bajarilgan. 18 ta jinoyat qoʻl barmoq izlari orqali «shaxsni identifikatsiya qilish» tizimi yordamida fosh etildi. 12 ta jinoyat fotosurat va videoyozuvlar yordamida aniqlangan. Soha mutaxassislari 2500 ga yaqin tezkor qidiruv va tergov harakatlarida ishtirok etishgan. Shaxsan oʻzim ishtirokimda 62 ta ekspertiza ishlari bajarildi. Ayrim ishlarni misol tariqasida keltirib oʻtaman.
«Orzu» mahallasida yashovchi H.A. ismli ayol tilla buyumlari yoʻqolganligi haqida murojaat qiladi. Ushbu holat yuzasidan voqea joyiga borib oʻrganilganda, hodisa joyiga kirishdagi ikki qanotli eshikni koʻzdan kechirish vaqtida olingan qoʻl barmoq izlari 1985-yilda tugʻilgan N.E.ga tegishli ekani maʼlum boʻldi.
2024-yil 6-avgust kuni «Navbahor» mahallasida yashovchi fuqaroning xonadonida bosh sohasida tan jarohati olgan holatda jasadi topildi. Qotil iz qoldirmaslikka harakat qilgan. Lekin xonadondagi daftarda uning barmoq izlari qolib ketgan. Ular 1975-yilda tugʻilgan A.U. ga tegishli ekani ayon boʻldi.
Aniqlanishicha, marhuma qarzdor boʻlgan. Gumon qilinuvchi undan pullarini olgani kelganida oʻrtalarida janjal chiqqan. Shunda gumon qilinuvchi mehmonxonadagi shisha idish bilan ayolning boshiga bir necha marotaba urgan. Yetkazilgan tan jarohati tufayli uy bekasi vafot etgan. Bu kabi misollarni koʻplab keltirish mumkin.
Yil boshidan buyon 40 marotaba voqea joyiga chiqdim. 13 ta tadqiqot va 9 ta ekspertiza ishlarini amalga oshirdim. Bundan tashqari, targʻibot-tashviqot ishlari ham olib bormoqdamiz. Xususan, yaqinda Davlatobod tumani madaniyat markazida Ekspert-kriminalistika markazida joriy etilgan yuridik va jismoniy shaxslarga ekspertlik ilmiy-tadqiqot hamda axborot xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha targʻibot ishlari olib borildi.
Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi xodimlari oʻrtasida ham tushuntirish ishlari olib borildi. Zimmamizdagi masʼuliyatli vazifalarni amalga oshirish jarayonida dalillarni sinchkovlik bilan tahlil qilayotganimiz samara bermoqda.
Azamjon Babayev, Davlatobod tumani IIB EKG katta eksperti, mayor. “Postda”