Andijon viloyati sudida mehnat qonunchiligi normalarini sud amaliyotida qoʻllash, mehnat nizolariga sabab boʻlayotgan holatlarning oldini olish masalalari yuzasidan seminar tashkil etildi
2025-03-02 09:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda Andijon viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati,boshqarma Yuridik taʼminlash guruhi hamda boshqa bir qator sohaviy xizmatlardan xodimlar ishtirok etishdi.
Seminarda viloyat sudining fuqarolik ishlari boʻyicha sudyasi Akmal Alijonov hamda fuqarolik ishlari boʻyicha Andijon tumanlararo sudi sudyasi Sherzod Arabboyev sud amaliyoti tahlili bilan bogʻliq maʼlumotlarni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, keyingi paytlarda fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda mehnat nizolari bilan bogʻliq ishlarning salmogʻi ortib bormoqda.
Jumladan, birgina 2024-yilning oʻzida fuqarolik ishlari boʻyicha Andijon tumanlararo sudi tomonidan bevosita ishga tiklash bilan bogʻliq 115 ta, ish haqi undirishga doir 45 ta, ishga qabul qilishni gʻayriqonuniy ravishda rad etganlik holati yuzasidan 1 ta hamda boshqa mehnat nizolariga oid 29 ta fuqarolik ishi koʻrib chiqilgan.
Mazkur nizolarning 84 tasi qanoatlantirilib, daʼvogarlarga ish haqi uchun 3 milliard 322 million soʻmdan ziyod mablagʻlar undirib berilgan.
Shuningdek, mehnat shartnomasining bekor qilinishi ortidan xodimning maʼnaviy zarar undirish bilan bilan bogʻliq talablari boʻyicha 282 million soʻmlik mablagʻlar undirish yuzasidan qarorlar qabul qilingan.
Seminarda mehnat nizolari kelib chiqishiga sabab boʻlayotgan holatlar boʻyicha soʻz yuritildi.
Ayni turdagi daʼvolar boʻyicha sudlarga murojaat etish muddatlari, mehnat huquqlarini himoya qilishning asosiy usullari, bu boradagi qonunchilik normalarini toʻgʻri qoʻllash kabi qator masalalar yuzasidan fikr almashildi hamda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati