IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatida “Yoʻl harakatini tashkil etish va harakat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi muammolar hamda ularning yechimlari“ mavzusidagi I Respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi
2025-03-02 07:05:00 / Yangiliklar

Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi muammolarni oʻrganish va ularni ilmiy yondashuvlar asosida bartaraf etish, xalqaro tajribalarni oʻzlashtirgan holda tizimda axborot texnologiyalarining oʻrnini kengaytirish, korrupsion omillarga chek qoʻyish maqsadida IIV DYHXXda “Yoʻl harakatini tashkil etish va harakat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi muammolar hamda ularning yechimlari” mavzusidagi I-respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi.
20 ga yaqin olimlar, 10 dan ortiq fan nomzodlari, bu bilan birga koʻplab soha taraqqiyotini koʻzlab oʻz taklialari bilan kelgan jami 50 ga yaqin tashabbuskorlarni oʻzida jamlagan ilmiy anjuman boshida YHXX boshligʻi polkovnik Sherzod Ibragimov soʻz olib avtomobil yoʻllarida sodir etilayotgan YTHlari, ularda vafot etgan yoki tan jarohati olgan insonlar ayniqsa, bu baxtsizliklarning beayb jabrlanuvchisiga aylanib qolayotgan bolalar ishtirokidagi holatlarning oldini olish borasida bildirilgan har bir fikr ushbu anjumanda yuksak qadrlanishi hamda dolzarbligini bildirib oʻtdi.
Shundan soʻng, huquqni muhofaza qilish organlari, oliy taʼlim muassasalarining professor ustozlari va boshqa tashkilotlardan kelgan ishtirokchilarning mavzu doirasidagi maʼruzalar birma bir tinglanib, masʼul xodimlar tomonidan qayd etib borildi.
Anjumanning ikkinchi bosqichi savol-javob tarzida kechib, unda yigʻilganlarning YTHlarining oldini olish borasida sohada amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi rejalar doirasidagi savollariga ilmiy asoslangan javoblar berilib, amalga oshirilishi dolzarb boʻlgan chora-tadbirlar borasidagi bahslarga kirishildi.
Anjuman soʻngida ishtirokchilar YHXXda yangidan xizmatni boshlagan xodimlarni oʻqitish, ularni soha foydalanilayotgan zamonaviy axborot texnologiyalari bilan yaqindan tanishtirish, oʻz kasbining professionali qilib tayyorlash va qayta tayyorlash maqsadida tashkil etilgan imkoniyatlari shuningdek, YPX xodimlarining YTH sodir etilganda jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish, hodisani rasmiylashtirish, maslik holatini aniqlash, tirbandliklarni bartaraf etish vazifalarini bajaruvchi zarur texnik vositalar bilan jihozlangan xizmat avtomashinalari bilan tanishishdi.
Anjuman yakunida ishtirokchilarga YHXX boshligʻining tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi.