Profilaktika xizmati. «Qizil»dan «yashil» tomon
2025-02-21 17:15:00 / Yangiliklar

Xodimlarimiz aholining yaxshi-yomon kunlarida doimo yonida turgani hamda mahalla faollari bilan birgalikda olib borayotgan saʼy-harakatlari yaxshi samara bermoqda. Misol uchun aytadigan boʻlsak, oʻtgan yili oʻzaro hamkorlik natijasida ellikka yaqin jinoyatlarning oldi olindi. Profilaktika inspektorlari tomonidan 9 ta qoʻshmachilik, 1 ta giyohvandlik moddalarini oʻtkazish, 2 ta maʼmuriy nazorat qoidasini buzish holatlari aniqlandi va 3 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi, deydi Peshku tumani IIB JXX HPB boshligʻi, podpolkovnik Azamat Qayimov.
Malakali profilaktika katta inspektorlari yosh xodimlarga kasb mahoratini oʻrgatib kelishmoqda. Shuningdek, oʻtgan yili «qizil» toifaga kiritilgan toʻrtta mahallaga tajribali profilaktika inspektorlari tayinlandi.
Xizmatni boshlaganimda, avvalo, aholini uchta toifaga ajratib, profilaktik ishlarini yoʻlga qoʻydim. «Qizil» toifaga profilaktik hisobda turuvchilarni, «sariq» toifaga esa jinoyat qilishga moyilroq shaxslarni kiritdim. Hozir asosan «qizil» va «sariq» toifadagi fuqarolar bilan targʻibot-tashviqot ishlarini olib boryapman. Bunda mahalla faollari menga koʻmakdosh boʻlyapti. Ularni ish bilan taʼminlash choralarini koʻryapmiz, deydi «Chigʻirchi» MFY profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Amin Sodiqov.
Katta leytenant Islom Neʼmatov tajribali ustozlardan saboq olgan profilaktika inspektorlaridan biri.
Islom ikki yildirki, biz bilan tun-u kun birga, deydi «Yangibozor» MFY raisi Chamanoy Vohidova. Hududimiz tuman markazida boʻlganligi sababli, 47 ta tashkilot va korxona joylashgan. Tabiiyki, rahbar-u ishchi-xodimlar ham har joydan kelib ishlashadi. Mahallamizda 2024-yili va joriy yilning oʻtgan davrida jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi, huquqbuzarlik holatlari esa kamaydi. Buning natijasida oʻtgan yili «yashil» toifadagi mahallalar qatoriga qoʻshildik.
Darhaqiqat, mahallada profilaktika inspektorining rais-u faollar bilan hamjihatlikdagi saʼy-harakatlari tahsinga loyiq.
Mahallada ilgari sodir etilgan jinoyatlarga asosan oila turmush doirasidagi qoʻydi-chiqdilar sabab boʻlgan, deydi katta leytenant Islom Neʼmatov biz bilan suhbatda. Shu bois ham notinch oilalar, oʻzaro kelisholmaydigan qoʻshnilar bilan jiddiy ish olib bordik. Janjal-u mashmashalarni bartaraf etishga harakat qildik. Hozirda 8 ta notinch oila va 22 nafar profilaktik hisobda turuvchi shaxs bor. Ular bilan muntazam ravishda profilaktik targʻibotlar oʻtkazyapmiz.
Katta leytenant I.Neʼmatov mahalla hududiga videokuzatuv kameralari oʻrnatilishiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Hozirda 206 ta yuzni tanib olish videokuzatuv kamerasi ishlab turibdi. Videokuzatuv kameralari asosan istirohat bogʻiga, ovqatlanish va savdo shoxobchalariga, korxona-tashkilotlarning koʻcha tomonida oʻrnatildi. Yana 12 ta koʻp qavatli uy oldida kuzatuv kameralari qoʻyilishi rejalashtirilgan.
Ha, bugungi kunda «Yangibozor» mahallasida boʻlgan kishi hududdagi osoyishtalikni koʻrib, dili yayraydi. Shu bois bu yerda istiqomat qiluvchi aholi katta leytenant Islom Neʼmatov xizmatidan mamnun.
Mirzoqul Ahadov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Buxoro viloyati
Suratda: podpolkovnik Amin Sodiqov va katta leytenant Islom Neʼmatov