Toshkent viloyati IIBB Jismoniy va jangovar tayyorgarlik markazida stol tennisi boʻyicha viloyat birinchiligi musobaqasi oʻtkazildi
2025-02-20 12:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida jismoniy tayyorgarlikni mustahkamlash, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hamda stol tennisini ommalashtirish maqsadida Nurafshon shahrida joylashgan Toshkent viloyati IIBB Jismoniy va jangovar tayyorgarlik markazida stol tennisi boʻyicha viloyat birinchiligi musobaqasi oʻtkazildi.
Mazkur musobaqaning viloyat bosqichida IIBB markaziy apparati hamda shahar va tuman ichki ishlar boʻlimlaridan 30 nafarga yaqin xodim ishtirok etdi. Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslarda ishtirokchilar oʻz mahoratlarini namoyish etishdi. Musobaqa davomida har bir ishtirokchi oʻzining chaqqonligi va tezkorligi bilan raqiblarini ortda qoldirishga harakat qildi. Yakunda kuchlilar gʻolib deb topilib, ularga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Musobaqa natijalariga koʻra, ayollar oʻrtasida 1-oʻrinni podpolkovnik Maʼmura Abdullayeva (IIBB) qoʻlga kiritdi. 2-oʻrinni mayor Dildora Fayzullayeva (Oqqoʻrgʻon tumani IIB) egallagan boʻlsa, 3-oʻrin leytenant Zuhra Mirmusayeva (IIBB)ga nasib etdi.
Erkaklar oʻrtasida esa 1-oʻrinni mayor Azat Mannapov (Boʻstonliq tumani IIB), 2-oʻrinni safdor Abdumoʻminhoji Isroilov (IIBB), 3-oʻrinni esa kapitan Akmal Alijonov (Zangiota tumani IIB) egalladi.
Ushbu musobaqa ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida sportga boʻlgan qiziqishni oshirish, jamoaviy ruhni mustahkamlash va sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladi. Bunday tadbirlarning muntazam tashkil etilishi xodimlarning jismoniy holatini yaxshilash bilan birga, ularning xizmat faoliyatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati