Kiberxavfsizlik. Soxta ilovalardan ogoh boʻling!
2025-02-18 22:00:00 / Yangiliklar

Keyingi paytlarda Telegram messenjeridagi yaqin tanishlardan yuborilayotgan “Sening videoing”, “Videodagi senmi”, “Bolalikdagi rasmlaringni topib oldim” va boshqa shu kabi nomlar bilan ataluvchi *.apk ilovalarni oʻzlarining mobil qurilmalariga oʻrnatilishi oqibatida bank plastik kartalaridan pul yechib olinmoqda.
Zararli mazkur ilova oʻrnatilganidan soʻng bank yoki toʻlov tashkiloti nomidan SMS xabarlar kelgan boʻlsa, bilingki, plastik kartadan aynan shu ilova orqali pul yechiladi. Kiberjinoyatdan jabrlangan fuqarolar pulidan ajralgach, odatda bu haqda ichki ishlar organiga xabar berish bilan kifoyalanadi. Ayrimlar esa pul mablagʻi yechib olingan plastik kartalarini oʻchirish uchun bankka murojaat qilishadi. Lekin kelgusida kiberhujumga uchramasligingiz uchun bu ehtiyot choralari yetarli emas.
Mobil telefoningizga ilovani bilib-bilmay ochib oʻrnatsangiz, xaker uni akkauntingizdagi barcha kontaktlaringizga avtomatik tarzda yuborish bilan birga, qurilmani masofadan turib boshqarish imkoniyatini qoʻlga kiritadi. Shu bois darhol mobil qurilmangizni internet tarmogʻidan uzing. Chunki mazkur zararli ilova faqat qurilma internetga ulangan vaqtda maʼlumotlarni kiberjinoyatchilarga uzata oladi. Bundan tashqari, Telegramga begona qurilma ulanib qolgan boʻlsa, uni chiqarib yuboring va tarqalgan *.apk ilovani oʻchirishga harakat qiling yoki akkauntingizni oʻchirib qaytadan oching. Tanishlarni zararli ilovani ochmaslik haqida ogohlantiring.
Mobil qurilma menyusidagi “Parametrlar” ilovasiga kirib, undan “Maxfiylik” boʻlimiga tanlang. U yerdan “Ruxsat menejeri”ga oʻting. Bu yerda telefoningizda mavjud boʻlgan barcha ilovalarning qurilmadagi qaysi amallarni bajarishga ruxsati bor-yoʻqligi koʻrinib turadi.
*.apk ilovasi oʻrnatilgan mobil qurilmalarda koʻpincha “Google video”, “Youtube” deb atalgan ilovalar paydo boʻlib qoladi. Ularning ustiga bosib “Rad etish”ga tushirib qoʻyish lozim. Bundan tashqari, ilova uchun berilgan barcha ruxsatlarni tekshirib koʻrishni ham maslahat beramiz.
Mobil qurilmangiz menyusidagi ilovalarga nazar tashlasangiz, roʻyxatning eng oxirida aslida oʻzingiz Play marketdan yuklab olmagan ilova turgan boʻladi. Bilingki, ana shu ilova maʼlumotlaringizni kiberjinoyatchilarga yubormoqda. Agar ilovani oʻchirolmasangiz yoki u qayta paydo boʻlaversa, mobil qurilmangizni zavod sozlamalariga qaytaring.
Agar yuqorida keltirilgan amallarni bajarishga qiynalsangiz, mobil qurilmangizni ishlab chiqaruvchi parametrlariga qaytaring.
Mobil qurilmangizdagi *.apk ilovasini oʻchirmasangiz, bank plastik kartangizdan pul mablagʻi yechilishiga davom etadi. Hatto qurilmaga yangi bank kartasini biriktirsangiz ham. Yana shuni unutmangki, sizga kelayotgan *.apk ilovalarining nomi har xil boʻlsa ham, ularning vazifasi bir xil.
©️ “Postda” gazetasi, Suhrob Muhammadiyev, kapitan. Qashqadaryo viloyati.