Navoiy viloyatida jinoyatchilikning oldini olish va xavfsiz muhit yaratish boʻyicha oʻrganishlar davom etmoqda
2025-02-11 19:35:00 / Yangiliklar

Respublika ishchi guruhi mazkur qaror talablarining ijrosini oʻrganish ishlarini Navoiy viloyatining barcha shahar va tumanlar kesimida amalga oshirmoqda.
Jumladan, Nurota tumanidagi kriminogen vaziyati ogʻir hisoblangan “Shahriston” mahallasida tuman sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilot vakillari hamda mahalla yettiligi ishtirokida suhbat tashkil etilib, qaror mazmun-mohiyati tushuntirildi, uning ijrosini taʼminlash boʻyicha bir qator topshiriqlar berildi. Shuningdek, respublika ishchi guruhiga tumanda jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ishlar va mahalla yettiligi faoliyati boʻyicha rejalashtirilgan ishlarning taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Unga koʻra, tumanda mavjud 6 ta “qizil” toifadagi mahallalarning barchasi prokuratura, Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya hamda sektor rahbarlariga nomma-nom biriktirilgan boʻlib, har biri yuzasidan “Yoʻl xaritalari” tasdiqlangan. Shu bilan birga joriy yilning birinchi choragida tumanda 2 ta “Namunali xavfsiz koʻcha“ hamda 8 ta “Namunali xavfsiz yoʻlak“larini joriy etish, aholi gavjum joylarida 65 ta kuzatuv va 30 ta yuz qiyofasini va davlat raqamlarini aniqlash imkoniyatiga ega kameralar oʻrnatish, 12 ta xonadon va 15 ta savdo shoxobchalarini Milliy gvardiya tomonidan qoʻriqlovga olinishi hamda tumandagi 15 ta koʻcha boʻylab yoritish tizimini oʻrnatilishi rejalashtirilgan.
Respublika ishchi guruhi viloyatning Navbahor tumani “Qorovultepa” mahallasida oʻrganish ishlarini olib bordi. Jarayonda kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan mazkur mahallani jinoyatdan holi hududga aylantirish boʻyicha taqdimot qilindi. Jumladan, joriy yilning birinchi choragida mahalla hududida 11 ta intellektual videokuzatuv kameralari oʻrnatilishi, 15 ta xonadon va 12 ta savdo shoxobchalari Milliy gvardiya qoʻriqloviga olinishi, shuningdek 20 ta koʻchalarda yoritish moslamalari oʻrnatilishi rejalashtirilgan.
Tadbir davomida tuman sektor rahbarlari tomonidan Navbahor tumanida “Tartibli mehnat migratsiyasini namunasini yaratish” loyihasini hamda Milliy gvardiya Qoʻriqlash boshqarmasi tomonidan tuman hududini raqamlashtirishga oid rejalashtirilgan ishlar taqdimotlari qilindi.
Oʻrganishlar davomida masʼullar eʼtibori hududlar kriminogen vaziyatni yaxshilash hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan vazifalari muhokama qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Respublika ishchi guruhi tomonidan Navoiy viloyatidagi barcha mahallalarda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi ishlar oʻrganilib, kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar belgilanmoqda.