Faxriylar – faxrimiz. Hamon nishonni aniq uradi
2025-02-04 23:00:00 / Yangiliklar

Bu voqea 2002-yilning iyunida Zafarobod tumani-ning Yoʻldosh Oxunboboyev nomli xoʻjaligida yuz bergandi. Tunda gʻoʻza sugʻorib sovuqsiragan suvchi kuni bilan qizib, hali tafti ketmagan asfalt yoʻlda yotib mizgʻiydi. Oqibatda uni mashina bosib ketadi.
Mazkur holat boʻyicha tuman IIB xodimlari surishtiruv ishlari olib borishadi. Ammo oradan 20 kun oʻtsa hamki, kalavaning uchi topilmaydi. Biroq Jizzax shahar IIB katta tergovchisi, kapitan Alim Yaxshibayevning boy tajribasi natijasida jinoyat ochiladi.
Tergovchi jinoyatga oid hujjat va fotosuratlarni diqqat bilan oʻrganib chiqib, voqea joyiga chiqqan tergov-tezkor guruhi aʼzolari bilan suhbatlashganidan soʻng, suvchini traktor bosib ketgan, degan xulosaga keldi.
Tez orada Forish tumanidan oʻz traktorida hududga ishlash uchun kelgan tirkamali traktor haydovchisi gumon qilinib qoʻlga olindi. U yashash manziliga ketar chogʻida eʼtiborsizligi sabab yoʻl ustida uxlab yotgan suvchini bosib ketganligini tan oldi. Zero, ekspert-kriminalistlar unga tegishli tirkama gʻildiraklari disklaridan topilgan qon zarralari suvchiga tegishli ekanligini isbotlagandilar.
Isteʼfodagi podpolkovnik Alim Yaxshibayev ichki ishlar organlarining tergov tizimidagi 27-yillik faoliyati davomida bu kabi koʻplab jinoyatlarni fosh etdi, jinoyatchilarga nisbatan jazo muqarrarligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshdi.
Baxmal tumanining “Saroy” mahalla fuqarolar yigʻinida tugʻilgan lavhamiz qahramoni ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 1991-yilda Jizzax shahar IIBda tergovchi vazifasida boshladi.
Keyinroq Zafarobod, Sharof Rashidov, Gʻallaorol tumanlari IIBda katta tergovchi, tergov boʻlimi boshligʻi lavozimlarida samarali xizmat qildi.
Faoliyati davomida qator shogirdlar tarbiyalab yetishtir-di. Ular hozirda huquq-tartibotni mustahkamlash, qonuniylikni taʼminlash yoʻlida ichki ishlar idoralarida turli lavozimlarda xizmat qilishmoqda.
Alim Yaxshibayev 2008-yilda podpolkovnik unvonida pensiyaga chiqqanidan soʻng ham mehnat qilishdan toʻxtab qolmadi. Xususan, advokat sifatida odamlar koriga yaradi. Ayni vaqtda esa “Aydarkoʻl-Arnasoy koʻllar tizimi” masʼuliyati cheklangan jamiyatida yuristlik qilayotir.
Faxriymizning katta oʻgʻli Jizzax viloyati majburiy ijro byurosida boʻlim boshligʻi, kichigi fermer. Qizlaridan biri oʻqituvchi, boshqasi muhandis.
Nabiralari bir etak. Ularni erkalab, dili yayraydi. Alim Yaxshibayev 1979-yildan buyon ovchilik jamiyati aʼzosi, 70 yoshni qoralab qolganiga qaramay, hamon nishonni aniq uradi.
Boʻsh paytlari oʻzi kabi faxriylar bilan shaxmat taxtasida dona suradi. Xullas, har kunining qadriga yetib, zavqini tuyib yashamoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Alijon Abdusattorov, Jizzax viloyati.