Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida IIV Akademiyasining 3-bosqich tinglovchilarining amaliyotga kirishishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi
2025-02-04 08:30:00 / Yangiliklar
![Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida IIV Akademiyasining 3-bosqich tinglovchilarining amaliyotga kirishishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F263734e9-65b1-515b-49c1-e899ccfc9f5a_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Unda murabbiylar, kursantlar va ularning ota-onalari ham ishtirok etdi. Yigʻilishni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Talat Mamatkulov ochdi.
Jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish, pinhona sodir etilgan qonunbuzarliklarni fosh soha vakilidan, albatta, tajriba va malaka talab etadi. Ana shu maqsadda har yili respublika Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining bitiruvchi kurs tinglovchilari ish oʻrganish, oliygohda olgan bilimlarini amaliyotda toʻgʻri qoʻllash, kasb sirlarini puxta oʻrganish uchun joylarda amaliy mashgʻulotlar oʻtaydilar.
Bunda amaliyot bilan birga yosh soha xodimlarining kasbiy mahorati, jismoniy va jangovar shayligini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Qolaversa, jinoyatchilikka qarshi kurashishda favqulodda va qaltis holatlar yuzaga kelganda har bir ichki ishlar idoralari xodimi vaziyatdan kelib chiqib, jinoyatchini zararsizlantirish va xavfsizlik choralarini inobatga olgan holda harakat qilishi lozimligi yoshlarga oʻrgatiladi.
Mamlakatimizda yoshlarga boʻlgan gʻamxoʻrlik va eʼtiborning oshganligi, ularning har tomonlama mukammal va yetuk boʻlib ulgʻayishlari uchun bir qator imkoniyatlar yaratilgan.
Jumladan, viloyat ichki ishlar boshqarmasiga amaliyot oʻtash uchun kelgan tinglovchilar shahar-tuman Ichki ishlar boʻlimlarida Tergov, Jinoyat-qidiruv, profilaktika, Ekspert-kriminalistika, psixolog, jazoni ijro etish, tashkiliy boshqarma yoʻnalishlari boʻyicha bilim va malakalarini boyitib, kasbga koʻnikma hosil qilishadi.
Tinglovchilar tizimda uzoq yillar xizmat qilgan tajribali xodimlar murabbiyligi ostida belgilangan dasturlar asosida mashgʻulotlar oʻtashga kirishdilar.
Shu bilan bir qatorda ular amaliyotda asqatadigan meʼyoriy hujjatlarni ham oʻqib oʻrganib, tajribasini boyitishadi.
Yakunda oliygohda oʻqish va jamoat ishlarida faol qatnashib kelayotgan namunali tinglovchilarning ota-onalariga Akademiya rahbariyatining “Tashakkurnoma”lari topshirildi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati