Lahzalarda oʻtgan sakson yil
2025-02-03 22:00:00 / Yangiliklar
Kumush qishning oʻrtasi boʻlishiga qaramay, tabiatning iliq mehri bahor havosini eslatadi. Koʻp qavatli uylar orasidagi moʻjazgina oʻyingohda qiqirlashib oʻynayotgan kichkintoylar ularni jimgina kuzatib oʻtirgan nuroniyga endi eʼtibor berishdi. Yugurib kelib bir-bir salom bergach, yana oʻyinlari tomon shoshilishdi...
Ichki ishlar organlari faxriysi, isteʼfodagi general-mayor Rajab Qodirovni mahallada yoshu qari birdek hurmat qiladi. Oilasida nomi ana shunday ehtirom bilan tilga olingani bois ham, kichkintoylar nuroniy otaxonni koʻrishi bilanoq yugurib kelib, salom berishga oshiqadilar.
Qodir aka bilan Misal opa xonadonida dunyoga kelgan Rajab ilmga chanqoq, qatʼiyatli va kuchli boʻlib ulgʻaydi.
Yigirma uch yoshida Rossiyaning Rostov viloyati IIBga qarashli axloq tuzatish koloniyasida ishlab chiqarish va texnika boʻlimi muhandisi lavozimida, keyinchalik Moskvada, sobiq Ittifoq IIV oliy maktabida taʼlim oldi.
Oʻn besh yildan ortiq ona Vatandan olisda xizmat qildi. Ichki ishlar organlari sohasida turli lavozimlarda faoliyat yuritib, katta tajriba toʻplagan ofitser istiqlolning dastlabki yillarida Oʻzbekistonga qaytib, IIV Axloq tuzatish ishlari boshqarmasi tergov hibsxonalari va turma boʻlimi boshligʻi etib tayinlandi. Uning boy tajribasi bu sohani tartibga solishda qoʻl keldi.
Doimo el ardogʻida, rahbariyat eʼtirofida boʻlgan Rajab Qodirov Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari — Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlangach, zimmasidagi masʼuliyat yanada ortdi. Endi mamlakatdagi barcha jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari uchun, hayot yoʻllarida qoqilgan shaxslarni tarbiyalash uchun javobgar edi. Ammo Rajab Qodirov bunday masʼuliyat qarshisida taraddudlanib qoladigan rahbar emasdi.
General-mayor Rajab Qodirov xizmat faoliyati davomida juda koʻp shogirdlar yetishtirdi. Ular har doim ustozini yoʻqlab, bayramlarda uyida mehmon boʻlib, hol-ahvol soʻrashadi.
...Kech kirib havoning salqini yuzni chimchilay boshlaganda, maydonchada oʻynab yurgan bolalarni ota-onalari chaqirib oldi. Ularni tomosha qilib oʻtirib, sakson yillik umrini koʻz oldidan oʻtkazgan Rajab Qodirov ham asta oʻrnidan turib, uyi tomon yurdi. Ertaga barvaqt ishga borishi kerak. Axir, u ayni paytda IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Ishlab chiqarishni tashkil etish boshqarmasida yetakchi ekspert boʻlib faoliyat koʻrsatmoqda. Tajribasi yoshlarga kerak ekanini, sohaga foydasi tegayotganini his etib, yaratganga shukronalar aytdi.
Isteʼfodagi general-mayor Rajab Qodirov joriy yilning 8-fevralida sakson yoshni qarshilaydi. Lavhamiz qahramonini tabarruk yoshi bilan qutlab, unga doimo shogirdlari, yaqinlari ardogʻida boʻlishini tilaymiz.
Inomjon Rahimxoʻjayev, kapitan. “Postda”