Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi huzurida yoshlarga murabbiy etib biriktirilgan xodimlar faoliyati samaradorligi tahlil etildi
2025-02-03 09:45:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida yoshlarga murabbiy etib biriktirilgan xodimlar faoliyati samaradorligi, erishilgan yutuqlar bilan birga yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tahliliga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Abduvoxid Ismoilov, boshqarma Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻi va shaxsiy tarkibi, IIV SHXBB Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi, faxriylar kengashi, murabbiylar va yoshlar ishtirok etishdi.
Oʻtgan yilda ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, yosh xodimlar tomonidan zimmasidagi vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatini rivojlantirish, biriktirilgan xodimga ish tajriba va kasb sir-asrorlarini oʻrgatish, xizmatga amaliy moslashishi, kasbiy shakllanish jarayonini tezlashtirish, burchga masʼuliyat va tashabbuskorlik bilan munosabatda boʻlish borasida murabbiylar tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.
Jarayonda xodimning oilaviy sharoiti, oila aʼzolari va yaqinlari bilan mustahkam aloqa oʻrnatish, ichki ishlar organlari xizmatiga kirishib ketishiga koʻmaklashish, vujudga kelgan muammolarni qonuniy hal etish, xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etishda shaxsiy namuna koʻrsatish, maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini, kasbiy qobiliyatini, xizmatga munosabatini muntazam ravishda kuzatib, oʻrganib borish, dastlabki sinov muddati natijalari yuzasidan tegishli sohaviy xizmat boshligʻi bilan birgalikda mukofotlash yoki jazolash toʻgʻrisida taklif kiritib, yakunda tavsiyanoma berish borasidagi holatlarga ham eʼtibor qaratildi.
Murabbiyga biriktirilgan yosh xodimlar ham lavozimga kirish rejasida belgilangan vazifalarni bajarish, amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisida murabbiyga va sohaviy xizmat boshligʻiga hisobot berish, murabbiyning qonuniy koʻrsatma va topshiriqlarini bajarish, murabbiy va hamkasblarining ijobiy hamda kasbiy ish tajribalarini oʻzlashtirishga va doimiy ravishda oʻz ustida ishlash, xizmat faoliyatini hamda huquq va majburiyatlari, shuningdek vazifalarini belgilovchi sohaviy xizmat boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarning talablari, belgilangan xizmat kiyim-boshni kiyib yurish qoidalari, ichki xizmat tartibiga rioya qilish masalalari ham muhokama etildi.
Yigʻilishda boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Talat Mamatkulov oʻtgan yilda viloyatda ichki ishlar organlaridagi murabbiylar va yoshlar xizmat, ijrochilik intizomi va qonunchilikka rioya etish, kasbiy tayyorgarlik yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlarni yanada jadallashtirib, fuqarolar bilan xizmat davomida xushmuomala boʻlish xislatlarini yanada yuksaltirish, faoliyat davomida tamagirlik va korrupsiya holatlariga murosasiz boʻlish borasida murabbiylar oldiga aniq vazifalar qoʻydi.
Kengaytirilgan yigʻilishda erishilgan yutuqlar bilan birga yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar oshkora muhokama etilib, kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati