Vazir oʻrinbosari general-mayor Baxodir Mirzaraximov huzurida Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti hamda uning quyi tizimlariga bir qator ustuvor vazifalar belgilandi
2025-02-01 16:15:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 1-fevral kuni Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Baxodir Mirzaraximov huzurida Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamentida soha xizmatlarida amalga oshirilishi lozim boʻlgan bir qator ishlar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Dastlab boshqarma boshliqlarning axboroti boʻyicha kamchilikka yoʻl qoʻyilgan soha xizmat yoʻnalishlarini keskin tanqid qilib, bunga sababchi boʻlgan xodimlarning oʻtgan davr mobaynidagi faoliyatlari atroflicha muhokama qilindi va tegishli intizomiy taʼsir choralari koʻrish borasida topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda transport va turizm namoyish obyektlarida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, jamoat hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida aniq belgilangan yoʻl xaritasi boʻyicha ish tashkil etish, ayniqsa profilaktik targʻibot tadbirlarini kuchaytirish, zamonaviy ilgʻor texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish, kameralashtirish orqali hududlarni toʻliq qamrovga olish va boshqa masalalar yuzasidan masʼullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
Shu bilan bir qatorda, boshqarma, boʻlima va boʻlinma rahbarlari qoʻl ostidagi xodimlarning oilaviy sharoiti, ularning muammolaridan doimiy xabardor boʻlish hamda ijtimoiy-kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir etuvchi omillar chuqur tahlillar asosida oʻrganilib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilash, shaxsiy tarkib oʻrtasida sogʻlom muhitni shakllantirish, oʻtkazilayotgan tarbiyaviy ishlarni jadallashtirish, xodimlarning xizmat faoliyati ustidan kunlik nazoratni kuchaytirish, xodimlarning muomala madaniyatini yuksaltirish, odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etish, xizmatga fidoiylik va sadoqat bilan yondashish, ijrochilik, xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy amal qilinishini taʼminlash, korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha yoʻriqnomalar berildi.
Shuningdek, Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti markaziy apparati hamda hududiy boshqarma va boʻlinmalarining bir guruh xodimlariga “14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan huquq-tartibotni taʼminlash borasida hamkasblari orasida alohida oʻrnak boʻlib kelayotgan bir guruh xodimlarga esdalik sovgʻalari hamda samarali mehnatlar, xizmatda bir qator erishilgan yutuqlarini munosib taqdirlash yuzasidan maxsus unvonlar topshirildi.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi