Tuman IIBda. Kegeyli: Rivojlanish yoʻlida...
2025-01-30 22:00:00 / Yangiliklar
Kegeyli tumani 1928-yili tashkil etilgan. Hudud nomining kelib chiqishi shu yerdan oqib oʻtuvchi kanal boʻyida kegey daraxtlari juda koʻp boʻlgani bilan izohlanadi.
Nukus shahridan qariyb 40 km uzoqlikda joylashgan tuman Chimboy, Qoraoʻzak, Boʻzatov va Moʻynoq tumanlari bilan chegaradosh. Tarkibida 2 ta shaharcha, 18 ta makon va ovul fuqarolar yigʻini mavjud.
Bugungi kunda hududda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish yuzasidan tuman IIB xodimlari tomonidan qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi xodimlari oʻtgan yilda 2100 dan ortiq xorijga chiqish biometrik pasportlari, 12 mingdan ortiq ID-kartalarni oʻz egalariga topshirdi. Vaqtincha yashash uchun kelgan 629 nafar chet el fuqarosi hisobga qoʻyildi.
Bundan tashqari, xorijga ketib, uzoq muddatdan soʻng vatanga qaytish guvohnomasi bilan kelgan 55 nafar fuqaro bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilgan.
Ilgari jinoyatga qoʻl urgan shaxslarning qayta jinoyat sodir etish holati koʻpayganligi bois ular bilan ishlash toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmoqda.
— Oʻtgan yili tuman IIB Probatsiya guruhi hisobida 67 nafar shaxs boʻlib, olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida yil yakuniga qadar ulardan 26 nafari muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilgan. Aksincha, belgilangan tartibga rioya etmagani uchun 9 nafar shaxsning jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan, deydi Probatsiya guruhi katta inspektori, kapitan Abdiraxman Zarlikov.
Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish, ularni ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy tomondan qoʻllab-quvvatlash, huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida tuman IIB boshligʻi tomonidan 40 nafar yosh otaliqqa olingan boʻlib, oʻtgan vaqt mobaynida mazkur yoshlar bilan uchrashuvlar, ayrim chet elda yurganlari bilan onlayn tarzda suhbatlar oʻtkazilib, muammolari oʻrganildi. Oʻrganishlar davomida 23 ta muammo aniqlanib, shu kunga qadar ularning deyarli barchasi oʻzining ijobiy yechimini topdi.
Bugungi kunda tuman 3-sektoriga biriktirilgan hududda 4 ta mahalla mavjud boʻlib, ulardagi 3431 ta xonadonda 18 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Birgina oʻtgan yili sektor ishchi guruhi aʼzolari va tegishli tashkilotlarning mutaxassislari bilan birgalikda aholining quyi qatlamlarigacha kirib borilib, oilalarning turmush sharoiti oʻrganildi. Shunga koʻra, birinchi navbatda, ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan, ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashga ehtiyoji bor oilalar bilan manzilli tadbirlar amalga oshirildi. Bandligi taʼminlanishi lozim boʻlgan 563 nafar fuqarodan 345 nafari ishga joylashtirildi. Shuningdek, “Temir daftar” roʻyxatiga kiritilgan oʻta ehtiyojmand 21 ta oila, “Ayollar daftari”dagi 555 nafar xotin-qizga har tomonlama yordam koʻrsatildi.
Oʻtgan yili mahallalarda jami 87 marotaba sayyor qabullar oʻtkazilib, ularda 164 ta murojaatning 107 tasi ijobiy hal etildi. Ayni paytda 3 ta murojaat koʻrib chiqilmoqda.
Oʻtgan yili tumanda 500 dan ortiq turli profilaktik tadbirlar oʻtkazilgan boʻlsa, ularning koʻngildagidek oʻtishini taʼminlash maqsadida jalb etilgan xodimlar tomonidan 150 dan oshiq huquqbuzarliklar aniqlangan. Bundan tashqari, joylarda olib borilgan targʻibot-tashviqot ishlari natijasida 12 ta ov qurolining qismlari ixtiyoriy ravishda topshirilgan.
Ayni paytda tuman hududidagi jamoat joylariga 84 ta videokuzatuv kamerasi oʻrnatilgan. Ushbu videokuzatuv kameralaridan 48 tasi bevosita Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV va tuman IIBdagi Navbatchilik qismiga integratsiya qilingan. Bu, oʻz navbatida, joylardagi holatni real vaqt rejimida kuzatish hamda jinoyatlarni tezkorlik bilan fosh qilishda qoʻl kelmoqda.
Azamat Pirniyazov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Qoraqalpogʻiston Respublikasi