Samarqand viloyati IIB boshligʻi polkovnik Rahmat Mamatov tomonidan Urgut tumanidagi obodonlashtirish ishlari boʻyicha topshiriqlar berildi
2025-01-30 11:55:00 / Yangiliklar
Samarqand viloyati IIB boshligʻi, viloyat 3-sektor rahbari polkovnik Rahmat Mamatov tomonidan Urgut tumani Moʻminobod mahallasida “Obod xonadon–obod koʻcha–obod mahalla” tamoyillari asosida olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berildi.
Ushbu tamoyilning asosiy maqsadi – mahalla aholisining turmush sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va hududda obodlikni taʼminlashdir. Har bir xonadonning obodligi va farovonligi, oʻz navbatida, koʻcha va mahallaning obodligini taʼminlaydi. Shu maqsadda, mahallalarda uy-joylar taʼmirlanishi, koʻchalar va jamoat joylarida yoritish tizimi yaxshilanishi, shuningdek, yashash muhitini ijtimoiy va ekologik jihatdan sogʻlomlashtirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, polkovnik Mamatov masʼullarga ushbu ishlarni tezkorlik bilan amalga oshirish, fuqarolar bilan yaqindan ishlash va barcha tashkiliy ishlarni samarali koordinatsiya qilish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berdi. Shu bilan birga, mahalla aholisi oʻrtasida madaniy va ijtimoiy faollikni oshirish, fuqarolarni oʻz hududlarida xavfsizlikni taʼminlashga jalb qilish muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi boʻyicha tuzilgan ishchi guruhi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati