Fargʻona viloyat IIB boshligʻi general-mayor Azizbek Ikramov Xalq deputatlari viloyat Kengashining toʻrtinchi sessiyasida hisobot berdi
2025-01-29 08:50:00 / Yangiliklar
Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi toʻrtinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiya ishida viloyatdan saylangan Oliy Majlis Senati aʼzolari, viloyat Kengashi deputatlari, viloyat sektorlari rahbarlari, viloyat hokimining tegishli oʻrinbosarlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdilar.
Kun tartibiga koʻra, viloyatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati, shuningdek, jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar tahlili hamda joriy yilda koʻriladigan taʼsirchan chora-tadbirlar yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi general mayor Azizbek Ikramovning hisoboti eshitildi.
Hisobotda qayd etilganidek, yil davomida jinoyatlarni jilovlash va jamoat xavfsizligini ishonchli taʼminlash “Xavfsiz hudud”, “Ahil oila”, “Tigʻ”, “Xavfsiz shahar, osoyishta mahalla” kabi 10 dan ortiq tezkor-profilaktik tadbirlar, aholi oʻrtasida 47 mingdan ortiq targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.
Viloyat hududida 326 mingta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib qonuniy chora koʻrildi.44 ming 689 nafar shaxslar profilaktik hisobga olinib, ular bilan individual ish tashkil etildi.
Ish va yashash joyi noaniq boʻlgan 65 nafar shaxslar reabilitatsiya markaziga, 50 nafar voyaga yetmaganlar ijtimoiy va huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirildi.
Tegishli idoralar bilan birga xotin-qizlar jinoyatini oldini olish maqsadida, 67 ming 337 ta oilalar oʻrganib chiqildi. Jinoyat sodir etishga moyil ayollar bilan 37 mingdan ortiq profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.
Tazyiq va zoʻravonlik holatlarini oldini olish maqsadida 4 ming 397 nafar xotin-qizlarga “Himoya orderi” berildi, 905 nafar xotin-qizlar tuzalish dasturiga yoʻnaltirildi.
Shuningdek, sessiyada boshqarma boshligʻi deputatlarning mavzuga oid savollariga ham javob qaytardi.
Fargʻona viloyat IIB Axborot xizmati