Samarqandda xavfsiz muhit yaratish choralari muhokama qilindi
2025-01-28 15:30:00 / Yangiliklar

Dastlabki manzil viloyatning chekka hududi hisoblangan Urgut tumani boʻldi. Unda ishchi guruhi tumanning “Mergancha” mahallasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va “mahalla yettiligi” faoliyati, shuningdek tartibli mehnat migratsiyasi boʻyicha taqdimot bilan tanishdi. Mahallada ish uslubi samarasiz tashkil etilgani, profilaktika inspektorining ishlari qoniqarsiz ekanligi, shuning uchun mahalla “qizil” toifaga tushib qolganligi tanqid qilindi.
Shundan soʻng tuman sektor rahbarlari, hamkor tashkilotlarning masʼullari, “Mergancha” “qizil” toifadagi mahalla yettiligi ishtirokida yigʻilish oʻtkazilib, unda mazkur qarorning mazmun-mohiyati ishtirokchilarga yetkazilib, ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.
Taʼkidlanishicha tuman hokimining “yoʻl xaritasi” tasdiqlanib, kriminogen vaziyat ogʻir mahallalarda ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida joylarga chiqqan holda maqsadli oʻrganishlarni oʻtkazish orqali huquqbuzarliklarga sabab boʻlayotgan asl omillarni aniqlash va barham berish boʻyicha tashkiliy-huquqiy choralar koʻrish maqsadida 7 ta kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarga tegishli rahbarlar biriktirildi. Joriy yilning 1-choragida “Doʻstlik” va “Toʻrtkoʻl” mahallalarida Huquq-tartibot maskanlari qurilishi, tumandagi “qizil” toifaga tushgan mahallalarga 235 ta kuzatuv kameralari oʻrnatilishi belgilandi. Shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” massivida 90 dona yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi video kuzatuv moslamalari, tumandagi mavjud bozorlar hududi, 50 ta maktab, 25 ta sport maydonchalari ham toʻliq kameralar bilan taʼminlanadi. 270 ta xonadon, 28 ta tadbirkorlik va savdo shoxobchalari Milliy gvardiya tomonidan qoʻriqlovga olinadi. “Yangi Oʻzbekiston” massividagi koʻp qavatli uylarning yoʻlaklari kirish eshiklariga 10 ta zamonaviy domofonlar oʻrnatish choralarini koʻrish topshirigʻi masʼullar zimmasiga yuklandi.
1-chorak davomida tuman hududlarida 28 ta “Namunali xavfsiz koʻcha” va 102 ta “Namunali xavfsiz yoʻlak”larni tashkil qilish, videokameralar oʻrnatish hamda vaziyatni nazorat qilish borasida masʼullarga qoʻshimcha topshiriqlar berildi.
Unda masʼullarga huquqbuzarliklar barvaqt profilaktikasini tashkil etish boʻyicha namunaviy tartib yaratish hamda “Mergancha” mahallasini namunaviy maskanga aylantirish lozimligi ham taʼkidlandi.
Navbatdagi manzil Toyloq tumani “Charogʻbon” mahallasi boʻlib, tuman sektor rahbarlari ishtirokida bu yerda ham jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va “mahalla yettiligi” faoliyati, shuningdek ichkilikka ruju qoʻygan, giyohvand, ruhiy kasallar va boshqa ijtimoiy koʻmakka muhtoj shaxslarga manzilli tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Shuningdek, “Charogʻbon” mahallasi hududidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida “namunali xavfsiz koʻcha”ni joriy etish boʻyicha taqdimot havola etildi.
Tadbirda masʼullarga huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktikasini “Yoʻl xaritasi” asosida toʻliq ijro etilishini taʼminlash hamda ijtimoiy profilaktika tizimini samarali yoʻlga qoʻyish, yangi ish oʻrinlari yaratib, fuqarolar, ayniqsa, yoshlar va ayollarni bandligini taʼminlash boʻyicha tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, respublika ishchi guruhi aʼzolari kichik guruhlarga boʻlinib, viloyatning barcha shahar-tumanlarida qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish, ijrosini taʼminlash choralarini koʻrmoqda.