Surxondaryo viloyati IIBda viloyat sektor rahbarlari ishtirokida videoselektor yigʻilish boʻlib oʻtdi
2025-01-27 12:00:00 / Yangiliklar
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvar kunidagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-1-sonli Qarori ijrosi yuzasidan video-selektor tarzidagi tezkor yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Mazkur yigʻilishda, viloyat prokurori adliya katta maslahatchisi Baxtiyar Babadjanov, viloyat IIB boshligʻi polkovnik Timur Ismailov, viloyat Soliq boshqarmasi boshligʻi Erkin Narmanov, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Rustam Jabborov, viloyat prokurori oʻrinbosarlari, viloyat IIB boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlari, Milliy gvardiya boshqarmasi masʼullari, viloyat IIB barcha sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman studiyalaridan sektor rahbarlari, tuman IIB boshligʻi oʻrinbosarlari, barcha sohaviy xizmat xodimlari, tuman soliq boʻlimi boshliqlari, tuman Milliy gvardiya boʻlimi huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimi masʼullari ishtirok etishdi.
Viloyat IIB boshligʻi polkovnik T.Ismailov kun tartibidagi masalani tanishtirib, viloyat hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan qizil toifa sirasiga kiritilgan 121 ta mahallalarga biriktirilgan masʼullarga jinoyatchilikni jilovlash, mahalla yettiligi aʼzolari faoliyatini toʻgʻri tashkil etgan holda jinoyat oʻsishiga sharoit yaratib berayotgan omillarni chuqur tahlil qilib, bu boradagi ishlarni samarali olib borish, axborot texnologiyalari sohasida sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarni barvaqt oldini olish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Viloyat prokurori adliya katta maslahatchisi B.Babadjanov ham davlatimiz rahbari tomonidan qaror asosida belgilab berilgan vazifalarni har-bir hududga biriktirilgan masʼullar vijdonan bajarishlari, viloyat hamda Respublika rahbariyati huzurida har oy, har chorak va har olti oy yakunlarida oʻtkaziladigan muhokama yigʻilishlarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berib borish, bu borada sustkashlikka yoʻl qoʻygan rahbar va masʼullar lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralari qoʻllanilishi haqida takror ogohlantirildi.
Yigʻilish davomida, Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Rustam Jabborov tomonidan Qoʻriqlash xizmatlari xodimlari tomonidan hududlarni kameralashtirish, bino va inshootlarni, aholi xonadonlarini qoʻriqqa olish ishlarini shahar-tuman sektor rahbarlari bilan hamkorlikda faoliyatini yanada jonlantirish taklifi bildirildi.
Shuningdek, viloyat-shahar va tuman studiyalaridan qatnashayotgan masʼullarning kun tartibidagi masala yuzasidan muammo va takliflari tinglandi.
Yigʻilish yakunida, viloyat prokuraturasi hamda viloyat IIB tomonidan ishchi guruhi tashkil qilinib, joylarga chiqqan holda kunlik amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat qilib borish va aniqlangan muammo va kamchilliklarni joyida bartaraf etish choralarini koʻrish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati